Qurilishga ruxsat olishda nima o‘zgardi? (+video)
Qurilish sohasida har bir yangi ob’ekt ortida nafaqat bunyodkorlik, balki qator ma’muriy jarayonlar ham turadi. Loyihani tayyorlash, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, ekspertizadan o‘tkazish va qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tegishli ruxsatlarni olish shular jumlasidandir. Bu jarayonda hujjatlardagi ayrim kamchiliklar sabab arizalarning rad etilishi esa fuqarolar va tadbirkorlarda turli savollarni keltirib chiqaradi.
Xo‘sh, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun berilgan arizalar nima sababdan rad etiladi? Eng muhimi, bunday holatlarda ariza beruvchining vaqti va mablag‘ini tejash uchun qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?
Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ektga ruxsatnoma berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Ular hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasiga yuboriladi. Inspeksiya arizani belgilangan muddatda ko‘rib chiqib, ijobiy qaror qabul qiladi yoki qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lsa, rad etadi.
Bu yerda muhim jihat shundaki, arizaning rad etilishi sub’ektiv munosabat yoki shaxsiy qarashlarga emas, balki hujjatlarning to‘liqligi va belgilangan talablarga muvofiqligiga bog‘liq. Jumladan, qurilish laboratoriyasi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagani, texnik, mualliflik yoki ichki nazorat uchun mas’ul shaxslarni tayinlashga oid buyruq va shartnomalarning mavjud emasligi, mutaxassislarning amal qiluvchi sertifikatlari yuklanmagani shunday sabablar qatoriga kiradi. Shuningdek, so‘rovnomaga noto‘g‘ri ma’lumot kiritilishi, shaharsozlik kengashi yoki ekspertizaning ijobiy xulosasi mavjud emasligi yoki mazkur hujjatlarning “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritilmagani ham arizaning rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ilgarigi tartibda nima muammo edi?
– Avvalgi amaliyotda ariza rad etilganidan keyin kamchiliklarni bartaraf etgan fuqaro yoki tadbirkor butun jarayonni qaytadan boshlashi, yangi ariza topshirishiga to‘g‘ri kelardi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Jo‘raqulov. – Bir qarashda oddiydek ko‘ringan bu jarayon amalda ortiqcha vaqt va xarajat talab qilardi. Hujjatlarni qayta tayyorlash, arizani qayta topshirish va uning yana ko‘rib chiqilishini kutish qurilish ishlarining boshlanish muddatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Bugun esa mazkur jarayonni raqamlashtirish orqali ushbu muammoni kamaytirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar joriy etilmoqda. Endi arizani qayta tahrirlash mumkin. Yangi mexanizmning eng muhim jihatlaridan biri — ariza beruvchiga kamchiliklarni tuzatish imkoniyati berilayotganidir. Avvalo, avtomatik tekshiruv tizimi ariza yuborish jarayonining o‘zida hujjatlarni tahlil qiladi. Kamchilik aniqlansa, ariza inspeksiyaga yetib bormasidan oldin ariza beruvchi bu haqda xabardor qilinadi. Bu esa xatolarni oldindan bartaraf etish va rad etilishi mumkin bo‘lgan arizalar sonini kamaytirishga xizmat qiladi.
[gallery-30775]
Ayrim hollarda esa hujjatlar mavjud bo‘lsa-da, ular belgilangan talablarga to‘liq javob bermasligi mumkin. Masalan, qurilish laboratoriyasiga oid hujjatlar talab darajasida rasmiylashtirilmagan, qurilishni tashkil etish loyihasi yoki ishlarni bajarish loyihasi to‘liq shakllantirilmagan bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, buyurtmachining ekspertiza xulosasini ijroga qabul qilish buyrug‘i rasmiylashtirilmagani, pudrat yoki loyiha tashkilotining reytingi talabga mos kelmasligi, reyestr raqamlari yoki qurilish qiymatining noto‘g‘ri kiritilishi ham kamchilik sifatida baholanadi. Bunday holatda ariza darhol rad etilmaydi. Hududiy inspeksiya arizani qayta tahrirlash uchun qaytaradi va kamchiliklarni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beradi. Tuzatilgan ariza qayta yuborilganidan so‘ng inspeksiya uni yana belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi.
Qonunchilikka muvofiq, ariza ko‘pi bilan uch marta qayta tahrirlashga yuborilishi mumkin. Agar uchinchi marta ham kamchiliklar bartaraf etilmasa, ariza rad etiladi. Yangi tartibning ahamiyatini faqat texnik qulaylik bilan izohlash kamlik qiladi. U, avvalo, davlat xizmati va uni oluvchi o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtirishga xizmat qiladi.
Endilikda har bir kichik xato sababli butun jarayonni boshidan boshlash talab etilmaydi. Ariza beruvchiga mavjud arizaning o‘zida kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati berilayotgani ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirish, vaqt va mablag‘ni tejashga zamin yaratadi.
Avtomatik tekshiruv esa yana bir muhim vazifani bajaradi — xatoni uning oqibati yuzaga kelmasidan oldin aniqlash imkonini beradi. Bu nafaqat ariza beruvchi uchun, balki nazorat organlari faoliyati samaradorligi uchun ham muhim.
Qurilish sohasida raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi shaffoflikni kuchaytirish, inson omilini kamaytirish va qarorlarni belgilangan mezonlar asosida qabul qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Qurilish sohasida nazorat mexanizmlarining mavjudligi, avvalo, inson hayoti va xavfsizligi, ob’ektlarning sifatli barpo etilishi hamda shaharsozlik talablariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, arizani rad etishning o‘zi maqsad emas. Asosiy maqsad — qurilish-montaj ishlarining qonunchilik talablari asosida tashkil etilishini ta’minlash.
Yangi raqamli imkoniyatlar esa bu jarayonda ikki tomonlama manfaatni ta’minlaydi: bir tomondan, qonuniylik va nazorat talablari saqlanadi, ikkinchi tomondan, fuqaro va tadbirkorlarga kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etib, ortiqcha ovoragarchiliksiz jarayonni davom ettirish imkoniyati yaratiladi. Shunday qilib, qurilish sohasidagi yangi yondashuvni oddiy ma’muriy o‘zgarish emas, balki davlat xizmatlarini soddalashtirish, raqamlashtirish va fuqaro hamda tadbirkorlar uchun yanada qulay muhit yaratishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholash mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GzKIVjwieO8" title="Qurilishga ruxsat nega rad etiladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA