Paxta yig‘im-terimi avjida
Surxondaryo viloyati paxtakorlari kuzning iliq kunlaridan unumli foydalanib, hosilni tez va sifatli yig‘ib olishga intilmoqda. Shu maqsadda zamonaviy paxta terish mashinalari kuchidan ham oqilona foydalanilayotir.
Angor tumanida 30 ga yaqin fermer xo‘jaligi mavjud maydonlarning 3 ming 363 gektarida mahalliy navli, 1 ming 87 gektarida xorijiy va 410 gektarida ingichka tolali paxta yetishtirdi. Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun 57 ta otryad tashkil etilib, terimchilarga barcha sharoit yaratildi. Shuningdek, paxta dalalarida o‘ndan ortiq terim mashinasi yordamida hosil tez, sifatli yig‘ib olinmoqda.
Tumandagi “O‘ktambek Sunnatbek” fermer xo‘jaligi dehqonlari 80 gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi. Uning 34 gektarida Shinjon usulida paxta yetishtirildi.

– Paxtachilik uchun yoz fasli o‘ta issiq kelgan yilda dehqonlarimiz g‘o‘zani sinalgan agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi, – deydi “O‘ktambek Sunnatbek” fermer xo‘jaligi rahbari Sobir To‘ranov. Har kuni dalada ikkita zamonaviy paxta terish mashinasi ishlamoqda. Kuniga terim agregatlari yordamida o‘rtacha 60 tonnadan hosil yig‘ib olinayotir. Yaqin kunlarda terimni yakunlab, kelgusi yil hosili uchun tayyorgarlikni boshlaymiz.

Joriy yil hosili uchun janubdagi viloyatda 1 ming 850 fermer xo‘jaligi 62 ming 850 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, salmoqli hosil to‘pladi. Paxta maydonlarining 31 ming 645 gektarida mahalliy, 4 ming 500 gektariga ingichka tolali va 31 ming 205 gektariga xorijiy navli paxta yetishtirildi. Voha paxtakorlari mavsumda 320 ming tonnadan ortiq sifatli xom ashyo yig‘ishtirib olishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri