Qurilish xodimlari uchun soatlik eng kam ish haqi oshiriladi
Qurilish sohasida mehnat qilayotgan xodimlar uchun soatlik eng kam ish haqini oshirish va uni barcha hududlar uchun yagona miqdorga keltirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun yangi tartibni nazarda tutuvchi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Prezidentimizning 2026-yil 27-avgustdagi «Tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida qurilish sohasiga oid qator muhim vazifalar belgilandi. Jumladan, hujjat bilan qurilish sohasida pudrat va loyihalash tashkilotlarining faoliyatini rag‘batlantirish, ularni rivojlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Tayyorlanadigan qaror loyihasida qurilish sohasida mehnat qilayotgan xodimlar uchun soatlik eng kam ish haqi miqdorini oshirish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, ushbu to‘lov miqdorini mamlakatning barcha hududlari uchun tenglashtirish rejalashtirilgan. Bu norma, avvalo, bir xil mehnat qilayotgan qurilish xodimlarining ish haqida hududlar kesimidagi farqlarni kamaytirishga qaratilgan. Biroq hozircha yangi soatlik eng kam ish haqining qancha miqdorda bo‘lishi aniq belgilanmagan. Uning miqdori alohida Prezident qarori bilan belgilanishi kutilmoqda. Qurilish sohasiga oid yangi mexanizmlar faqat xodimlar mehnatiga haq to‘lash bilan cheklanmaydi.
Hujjatga ko‘ra, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining smeta qiymatida pudrat tashkilotlarining rejali foydasi miqdorini 7 foizgacha belgilash taklif etilmoqda. Bu o‘z navbatida davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish loyihalarida pudrat tashkilotlarining iqtisodiy manfaatlarini hisobga olish va sohada ish yuritish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Loyihasida qurilish ob’ektlarini loyihalash ishlarini moliyalashtirish tartibini ham takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Bunda moliyalashtirish hajmi ob’ektning murakkablik darajasi va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilanishi rejalashtirilmoqda. Shu tariqa murakkabligi yuqori bo‘lgan ob’ektlarni loyihalash uchun sarflanadigan mehnat va resurslar qiymatini adolatliroq hisobga olish maqsad qilingan.
Qurilish tashkilotlarining moliyaviy yukini kamaytirishga qaratilgan yana bir muhim taklif — muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi uchun yig‘imlar bo‘yicha avans to‘lovini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Amaldagi 20 foizlik avans to‘lovini 5 foizga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu elektr, gaz, suv va boshqa muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirishda qurilish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini tejash imkonini berishi mumkin. Qurilish sohasida pudrat va loyihalash tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash hamda soatlik eng kam ish haqi bo‘yicha yangi mexanizmlarni belgilaydigan Prezident qarori loyihasini 2027-yil yanvar oyida tayyorlash belgilangan.
Ushbu vazifani amalga oshirishga Vazirlar Mahkamasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul etib belgilangan. Shunday qilib, qurilish sohasida ishlovchilar uchun soatlik eng kam ish haqini oshirish masalasi hozircha reja va qonunchilik loyihasi bosqichida. Aniq miqdor esa kelgusida ishlab chiqiladigan Prezident qarori bilan belgilanadi.
Shahnoza Mamaturopova,O‘zA