Gamma-aktivlashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJga qarashli Gamma-aktivlashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasida laboratoriyaning yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida konlardan qazib olingan ma’dan tarkibidagi qimmatbaho va nodir metallarni aniqlashga mo‘ljallangan geologik namunalar tahlili Gamma-aktivlashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasida amalga oshirilmoqda. Yangi konlarning o‘zlashtirilishi tufayli kombinat bo‘linmalari uchun bu kabi tahlillarga bo‘lgan ehtiyoj yildan-yilga oshib bormoqda.
Joriy yilda mazkur laboratoriya quvvatlarini kengaytirish va asbob-uskunalarni modernizatsiyalashga qaratilgan loyihani amalga oshirish ishlari yakunlandi.

Laboratoriyaning yangi binosi ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov ishtirok etib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda ta’kidlaganidek, Gamma-aktivlashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasi yangi binosining foydalanishga topshirilishi bu – kombinatning texnologik mustaqillik va yuqori sifat sari tashlagan navbatdagi qadami hamda ishlab chiqarish tizimining ilmiy-analitik poydevorini tubdan yangilash yo‘lidagi muhim bosqichdir. Shu kungacha laboratoriya bundan 50 yil avval qurilgan binoda faoliyat olib bormoqda edi. Qisqa muddat ichida Zarafshon qurilish boshqarmasi, Markaziy kon boshqarmasining Ta’mirlash-qurilish uchastkasi quruvchilari hamda hamkorlarning sa’y-harakatlari bilan laboratoriyaning zamonaviy jihozlangan yangi binosi bunyod etildi.

– Gamma-aktivlashtirilgan tahlil geologik namunadagi oltin mavjudligini aniqlaydi, – deydi “Muruntov” koni boshlig‘i Nuriddin Kamolov. – Shuningdek, laboratoriyada olib borilayotgan tahlillarda tarkibida oltin kam bo‘lgan ma’dan namunalarida oltin bilan birga keladigan kumush va boshqa nodir metallarni ham aniqlash imkoni mavjud. Namunalarni tahlil qilishda aniqlik darajasi yuqori bo‘lishi shart. Hozirgi vaqtda bitta namunaga 17 soniya vaqt sarflanib, bir sutkada 13 mingga yaqin namuna tahlil qilinmoqda.
Ushbu laboratoriya nafaqat kombinat bo‘linmalariga, balki O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga qarashli geologik-qidiruv ekspeditsiyalariga ham xizmat ko‘rsatmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri