Namanganda mevani qayta ishlash korxonasi ochildi
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov qayd etganidek, ushbu yirik investitsiyaviy loyiha mamlakatimizda ishbilarmonlik uchun yaratilgan qulay muhit, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning yorqin natijasi ekanligini ta’kidladi.
Respublikaning sanoat, xususiy tadbirkorlik va biznes markazi hisoblangan Namangan viloyatida sanoat salohiyatini yuksaltirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish va aholi farovonligini oshirish borasidagi amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Vatanimiz istiqlolining o‘ttiz besh yilligi bayramiga munosib tuhfa sifatida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Buloqboshi mahallasida “Namangan sharbati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilgan, mevani qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat korxonasi foydalanishga topshirildi.

E’tiborlisi shundaki, 1,6 gektar maydonni egallaydigan zamonaviy korxonada yiliga 25 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari qayta ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Loyiha qiymati 25 million AQSH dollariga teng yangi sanoat korxonasining ishga tushirilishi nafaqat tumanda sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki aholi bandligini ta’minlashda ham alohida o‘rin tutadi. Korxona faoliyatini boshlashi natijasida 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Qayd etish darkor, korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanadigan mahsulotlar ichki bozor talabini qondirish hamda eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, tumanda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.