Qurbon hayiti namozi ko‘tarinki ruhda, o‘zgacha shukuh bilan ado etildi
Bugun mamlakatimiz bo‘ylab ulug‘ ayyom — Qurbon hayiti namozi ko‘tarinki ruhda, o‘zgacha shukuh bilan ado etildi. Ushbu muborak bayram munosabati bilan o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, oqibat, mehr-shafqat va saxovat kabi yuksak insoniy fazilatlarni yaqqol namoyon etuvchi davlat miqyosidagi ulkan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari tashkil etildi.
Aynan shu muborak ayyom kunlarida aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini va mehr-saxovat tadbirlarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida muhtaram Prezidentimiz tomonidan yana bir tarixiy qaror qabul qilindi.

Unga ko‘ra, davlat maqsadli jamg‘armalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan jami 690 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida ulkan xayriya va ijtimoiy himoya tadbirlarini amalga oshirish belgilandi.

Bayram munosabati bilan ijtimoiy himoyaga eng muhtoj bo‘lgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning omonat hisobvaraqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 200 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti o‘tkazib berildi. Ushbu moddiy rag‘bat yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga, Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, kichik hajmli bolalar uylari hamda “SOS” bolalar mahallalari tarbiyalanuvchilariga taqdim etiladi.

Diniy-ma’rifiy sohadagi qulayliklarni oshirish maqsadida respublikamizdagi 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurish, ularni rekonstruksiya qilish yoki mukammal ta’mirlash ishlari bajarilishi belgilandi. Xalqimizning azaliy qadriyatlariga mos ravishda, joylardagi qabristonlar va ziyoratgohlarni obod qilish bo‘yicha ham keng qamrovli obodonlashtirish ishlari samarali tashkil etildi.

Shuningdek, bu yil yana bir xayrli va tarixiy tashabbus amalga oshirildi. Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor davlat hisobidan muborak Haj safariga yuborildi.

Mazkur tizimli ishlar davlatimizning o‘z fuqarolariga bo‘lgan cheksiz g‘amxo‘rligi, xalqimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat va hamjihatlik har qachongidan ham mustahkam ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA