Suv nasosi ichiga yashirilgan narkotik modda fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan, 1994-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan fuqaro ushlanib, undan xorijdan yuborilgan suv nasosi qurilmasi tegishli tartibda olib qo‘yildi.
Ushbu qurilma xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning ichiga
968 gr “Alfa PVP” sintetik giyohvandlik vositasi yashirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, mazkur fuqaro ijarada yashovchi Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi xonadondan ham narkotik moddalarni o‘lchash va qadoqlashda foydalaniladigan 2 ta elektron torozi, “zip” paketlar hamda skotchlar olindi.
Aniqlanishicha, u internet narkodo‘konda “omborchi” vazifasida ishlagan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.