Qur’a natijalarga ta’sir ko‘rsatadimi?
Nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqish qur’a natijalariga bog‘liq. Qur’a qaysidir sportchini «o‘lim guruhi»ga tashlasa, yana kimlargadir shohsupa sari «yashil yo‘lak»ni ochib beradi. Kuni kecha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi jahon sport maydonlarida munosib natijalarga erishib kelayotgan sportchilar bilan musobaqalarda tashlanadigan qur’a natijalari xususida ularning fikrlarini e’lon qildi. E’tiborli jihati shundaki, unda ishtirok etgan O‘zbekiston sportining yorqin yulduzlari, jahon va olimpiya o‘yinlari chempionlari biri-biridan qiziqarli fikrlarni bildirib o‘tgan.

Diyora Keldiyorova, dzyudo bo‘yicha harbiylar o‘rtasida Jahon chempioni:
– Ko‘plab yengil vazn vakillari qatori men ham bir kun avval qur’aga qaramayman. Bellashuv bo‘ladigan kuni ertalab, chigalyozdi mashg‘ulotlar vaqtida raqiblarim bilan tanishib chiqaman. Kechqurun tinch va xotirjam uxlashim uchun qur’ani o‘ylamasligim kerak.

Rishod Sobirov, dzyudo bo‘yicha 3 karra Olimpiada sovrindori: – Men qur’aga qarayman va raqibimni bilib olib, unga qarshi o‘zimni tayyorlayman. Ammo aslida qur’aga qarasam ham, qaramasam ham, o‘sha musobaqaga kelgan sportchilar bilan tushamanku.
Bahodir Jalolov, boks bo‘yicha olimpiya o‘yinlari g‘olibi, Jahon chempioni: – Boksda hamma qur’aga qaraydi. Dzyudo, kurash yoki boshqa sport turlarida bellashuvlar 1 kunda o‘tib ketgani uchun ko‘pchilik qur’aga qaramaydi. Bizda 10 kungacha ham davom etadigan musobaqalar bor. Shu bois raqibimizning kimligini bilib olishimiz biz uchun foyda.

Ulug‘bek Rashidov, taekvondo bo‘yicha "Tokio-2020" Olimpiadasi chempioni: – Albatta, qur’aga nazar tashlayman va qur’a natijasi rasman e’lon qilingach, murabbiyim bilan qaysi raqibga qanday taktika qo‘yish kerak, uning nozik va kuchli tomonlarini muhokama qilamiz. Shuningdek, keyingi bosqichlarda to‘qnash keladigan ehtimoliy raqiblarni ham o‘rganamiz.

Zaynab Dayibekova, qilichbozlik bo‘yicha Jahon chempionati sovrindori: – Jahon chempionatlari va Olimpiadada qatnashganimda, qur’aga qaramaganman. U payt hozir kim bilan tushaman, keyin kim raqibim bo‘ladi, kabi savollarga ahamiyat bermayman. Bor e’tiborim meni maydonda kutib turgan raqibimga qaratiladi. Undan keyin kim bilan to‘qnash kelishimni ko‘rib, o‘sha raqibga o‘zimni tayyorlayman. Jahon kubogi, Osiyo chempionatlarida hayajon nisbatan pastroq. Shu bois ularda qur’ani o‘rganib chiqaman.
O‘zA