Xalqimizga xos birdamlik va mehr-oqibat namoyon bo‘ldi
Guliston tumanida muborak Qurbon hayiti munosabati bilan o‘tkazilayotgan umumxalq hasharlari yuksak uyushqoqlik, hamjihatlik va ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda. 23–24-may kunlari barcha mahallalarda tashkil etilgan obodonlashtirish tadbirlari nafaqat hududlarni yanada fayzli qilish, balki aholi o‘rtasida mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.
Xususan, Baxmal, Hamid Olimjon va Tajribakor mahallalari hududidan o‘tuvchi temir yo‘l atroflarida keng ko‘lamli tozalash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Hashar ishtirokchilari tomonidan hududlar begona o‘tlardan tozalanib, daraxtlarga shakl berildi, ularning tanasi oqlandi hamda atrof-muhit tartibga keltirildi. Natijada mahallalarning qiyofasi yanada obod va ko‘rkam tus oldi.

Ayniqsa, hasharlarda nuroniylar, mahalla faollari, xotin-qizlar, yoshlar va keng jamoatchilikning bir maqsad yo‘lida birlashib, yelkama-yelka mehnat qilayotgani tadbirlarga alohida fayz bag‘ishladi. Kattalarning hayotiy tajribasi va duosi, yoshlarning g‘ayrati hamda fuqarolarning faol ishtiroki xalqimizga xos ahillik va bag‘rikenglik muhitini yana bir bor namoyon etdi.
– Qurbon hayiti arafasida o‘tkazilayotgan bunday xayrli tadbirlar nafaqat hududlarni obod qilish, balki insonlar qalbida ezgulik, saxovat va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi tuman Mahallalar uyushmasi raisi Shuhrat Xushmurodov.

E’tiborli jihati shundaki, Qurbon hayiti munosabati bilan Guliston tumanida ikki kun davomida o‘tkazilgan umumxalq hasharlarida minglab mahalla faollari, ko‘cha va uy boshlari hamda aholi vakillari faol ishtirok etishdi. Ular tomonidan hududlar obodonlashtirilib, 2 tonna maishiy chiqindilar olib chiqildi, 11 km ariq va lotoklar tozalandi, 18 ta qabriston hamda ko‘chalar tartibga keltirildi. Shuningdek, daraxtlarga shakl berilib, ularning tanasi oqlandi.

Bundan tashqari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami vakillariga amaliy yordam ko‘rsatilib, ularning tomorqalarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, uy-joylari saranjom-sarishta qilindi.
Jumladan, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi va agentlikning tuman bo‘limi hamkorligida “Ishonch” mahallasida istiqomat qiluvchi Ozoda Alishboyeva xonadonida ham hashar tashkil etildi. Unda agentlikning viloyat va tuman bo‘limi xodimlari, faol volontyor yoshlar ishtirok etib, xonadon uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish bilan birga, hududda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishdi.

– Rostini aytsam, bu darajadagi e’tiborni kutmagan edim. Yoshlarimiz baraka topsin. Tomorqamdagi chopiq ishlarini bajarishdi, uyimni saranjom-sarishta qilishdi, ta’mirtalab joylarini tartibga keltirishdi. Yolg‘iz, ishsiz va sog‘lig‘ida muammosi bor inson uchun bu katta dalda va qo‘llab-quvvatlov bo‘ldi. Hasharda Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Akramovning shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lib turdi, – deydi Ozoda Alishboyeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri