Qozog‘istonda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarni ayol tergovchilar so‘roq qiladi
Qozog‘istonda zo‘ravonlik qurbonlariga e’tibor kuchaymoqda: endi ayol tergovchilar ayollar va erkaklarni himoya qiladi. Majburiy nikoh va ta’qibga qarshi yangi choralar kiritilib, adolat qaror topishiga urg‘u beriladi.
Qozog‘istonda jinsiy zo‘ravonlik va tajovuz bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilish vakolati endi maxsus ayol tergovchilarga topshiriladi. Mamlakat Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjar Adilov “Kazinform” agentligiga ma’lum qilishicha, ushbu yangi amaliyotdan ko‘zlangan asosiy maqsad – zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarning so‘roq jarayonida qo‘shimcha ruhiy bosim va ruhiy jarohat olishlarini kamaytirish hamda huquq-tartibot idoralariga nisbatan ishonchni mustahkamlash.
Mulozim majburiy nikoh bilan bog‘liq jinoyatni baholash mexanizmiga ham alohida to‘xtaldi. Rasmiylar ta’kidlashicha, bunday vaziyatda nafaqat ayollar, balki erkaklar ham jabrlanuvchi sifatida tan olinishi mumkin. Shunchaki oila qurishga undash yoki taklif kiritish esa jinoyat hisoblanmaydi. Holat jinoiy javobgarlik keltirib chiqarishi uchun albatta ochiq tahdid, zo‘ravonlik yoki kuchli bosim alomati mavjud bo‘lishi shart. Aks holda bunday munosabat fuqarolik-huquqiy masala sifatida ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu mamlakatda majburiy nikoh qurish 2025-yil sentabr oyidan boshlab jinoyat sifatida belgilangan. Binobarin, hozirgi kungacha bu bo‘yicha birorta ham rasmiy jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan. Qolaversa, Qozog‘istonda insonni doimiy ravishda tinmay ta’qib qilish uchun ham jinoiy javobgarlik joriy etilgan. Shu yilning o‘zida mazkur yo‘nalishda 83 jinoyat ishi rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA