Bill Geyts Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha ko‘rsatma berdi (+video)
Microsoft asoschisi va milliarder Bill Geyts chorshanba kuni AQSH Kongressi komissiyasiga ko‘rsatma berdi, deyiladi VVS nashri tarqatgan xabarda.
Komissiya Bill Geytsning jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn bilan faoliyatini tekshirmoqda. Tinglovlar yopiq tartibda o‘tkazilmoqda. Biroq oldindan tayyorlangan bayonotda aytilishicha, Geyts qonun chiqaruvchilarga hech qachon boshqalarga zarar yetkazmaganini ma’lum qilmoqchi.
«Men hech qachon Epshteynning jinoiy faoliyatiga guvoh bo‘lmaganman va bunday deb hisoblash uchun asosim ham bo‘lmagan. Men uning oroliga, ranchosiga yoki Floridadagi uyiga hech qachon bormaganman. Mening harakatlarimdan hech kim jabr ko‘rmagan», —deyiladi milliarderning shaxsiy saytida e’lon qilingan hujjatda.
Geyts Vashingtonga ko‘rsatma berish uchun ixtiyoriy ravishda kelgan. Aprel oyida Kongressning Nazorat qo‘mitasi u bilan suhbatlashmoqchi ekani ma’lum bo‘lganida, uning vakili Geyts qo‘mita a’zolarining barcha savollariga javob berishga tayyorligini bildirgan edi.
BBC muxbirlarining ma’lum qilishicha, qonun chiqaruvchilar asosan uch masala bo‘yicha savol berishni rejalashtirgan:
Birinchisi, nega Bill Geyts voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan va sudlangan shaxs bilan tanishgan?
Ikkinchi savol, nega u Epshteynning o‘tmishiga yetarlicha qiziqish bildirmagan?
Uchinchi savol shundan iboratki, Epshteyn Bill Geytsga ta’sir o‘tkazishga uringanmi yoki aksincha?
Geyts avval ham Epshteyn bilan munosabatlari faqat ishbilarmonlik va xayriya loyihalari bilan bog‘liq bo‘lganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, muloqotlar asosan xayriya dasturlari va ehtimoliy moliyalashtirish masalalariga oid bo‘lgan. Ammo, bu muzokaralar amaliy hamkorlikka olib kelmagan.
AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishiga oid uch milliondan ortiq sahifa hujjatlarni e’lon qilgach, Geytsning nomi yana diqqat markaziga tushdi. Hujjatlarda uning nomi juda ko‘p bora tilga olingan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/42Aw4hEEStI" title="Bill Geyts Epshteyn bilan aloqalari boʼyicha koʼrsatma berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA