Hindiston Eron urushiga qaramay neft ta’minotini …
Yaqin Sharqdagi tanglikka qaramay, Hindiston avgust oxirigacha bo‘lgan muddat uchun neft zaxirasini ta’minlab qo‘ydi. Dunyoda uchinchi yirik iste’molchi bunday barqarorlikka qanday erishdi?
Yaqin Sharqdagi harbiy harakat sabab xom ashyo yetkazib berishda uzilish kuzatilayotgan bir payt Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari kamida avgust oyi oxirigacha yetadigan zaxirani shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. Soha ekspertlari ma’lum qilishicha, bunga so‘nggi haftalarda Abu-Dabi milliy neft kompaniyasi (ADNOC) va boshqa sotuvchilardan xarid hajmi keskin oshirilishi evaziga erishilgan. Dunyoda xom ashyo importi va iste’moli bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadigan ushbu davlat kompaniyalari “ADNOC”dan neft va suyultirilgan gaz mahsulotlarini G‘OV (free-on-board) sharti asosida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kemadan kemaga yuklash orqali qabul qilib olmoqda. Hozir Abu-Dabi kompaniyasi xom ashyoni Fujayra omborlari, Zirku va Das orollari, shuningdek Fujayra – Suhar hamda Malayziya suv havzasida kemadan kemaga o‘tkazish orqali taklif qilmoqda, suyultirilgan gaz esa asosan Suhar portidan jo‘natilyapti. Matbuotga bayonot berish vakolati yo‘qligi sababli ismini oshkor qilmagan hind zavodlaridan biri vakili korxonasida suyultirilgan gaz kamida iyul oyi o‘rtasigacha yetishi, neft ta’minotida ham biror muammo yo‘qligini ta’kidladi.
Davlatga qarashli “Hindustan Petroleum Corp” (HPCL) kompaniyasi avgust oyida yetkazib berish sharti bilan BAAdan 4 million barrel “Murban” nefti oldi. Ushbu shartnoma “Total Energies” kompaniyasi savdo sho‘’basi hisoblangan “Totsa” hamda “Mercuria” treyderlari orqali amalga oshirildi. Bunday neftning har bir barreli iyul oyidagi “Dated Brent” etalon narxiga taxminan 40 sent ustama bilan baholandi. Bundan tashqari HPCL o‘tgan hafta kuniga 180 000 barrel neftni qayta ishlash quvvatiga ega Rajaston zavodi uchun Braziliya va G‘arbiy Afrikadan yana 2 million barrel xom ashyo sotib olgan bo‘lsa, “Indian Oil Corp” va “Mangalore Refinery and Petrochemicals Ltd” kabi yirik ishlab chiqaruvchilar ham so‘nggi haftalarda tezkor spot tenderi orqali faol ravishda neft xarid qilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA