Qozog‘iston va YeI Qo‘shma bayonot qabul qildi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Bryusselga tashrifi chog‘ida Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa Kengashi yetakchisi Antoniu Koshta bilan uchrashdi. Muzokara davomida Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabat ayni payt tarixan eng yuqori darajada ekani ta’kidlandi.
YeI hozir Qozog‘istonning eng yirik savdo va investitsiya hamkori hisoblanadi.
Bundan tashqari Toqayev O‘rta yo‘lakni “Global Gateway” tashabbusi bilan uyg‘unlashtirish istiqboliga ham to‘xtalib, muhim xom ashyo va energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati mavjudligini qayd etdi. Shuningdek, mintaqalararo sheriklikni mustahkamlash mexanizmiga aylangan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi muloqot platformasi ahamiyatini yuqori baholadi.
Toqayev Bryusselda Yevropa savdo va iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha komissari Marosh Shefchovich, YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays va Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti Marek Mora bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida qardosh davlat rahbari joriy tashrif davomida jami 12 milliard dollarlik ikki tomonlama shartnomalar imzolanganiga urg‘u berarkan, bu miqdor Yevropa biznesining Qozog‘iston iqtisodiyoti va islohotlari kun tartibiga nisbatan kuchli ishonchi dalolati ekanini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, u YeI rahbarlari Koshta va Ursula fon der Lyayen bilan kechgan muzokara natijasini yuqori baholadi.
Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun muloqotni davom ettirishga kelishib, sheriklik ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzoladi. Ushbu bitimlar havo transporti, aqlli texnologiya, noyob yer minerallari va metallari kabi turli muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
S.Rahimov, O‘zA