Pikassoning o‘g‘irlangan surati topildi
Fransiyaning Shampini-syur-Marn shahrida politsiya giyohvand modda savdosi bo‘yicha tergov doirasida o‘tkazilgan tintuv chog‘i afsonaviy rassom Pablo Pikasso qalamiga mansub ijod namunasi asl nusxasini musodara qildi. Bu haqda “Le Parisien” nashri xabar bergan.
Huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari 15-iyun kuni Val-de-Marn departamenti hududidagi uyga reyd uyushtirib, nafaqat ko‘p miqdorda nasha, dizaynerlik buyumi va naqd pul, balki ilgari Parij omboridan o‘g‘irlangan san’at asarlarini ham topdi.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ish bo‘yicha to‘rt kishi tergovga tortilgan. Gumondorlardan biri qimmatbaho buyumlar ombori xodimi deya taxmin qilinyapti. U muntazam ravishda suratlar, qimmatbaho buyumlar o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, nomi tilga olingan portret Pikassoning 1937-yil Mari-Terez Valterga bag‘ishlangan ijodi hisoblanadi. Asarning qiymati 12-15 million yevro oralig‘ida baholanyapti.
S.Rahimov, O‘zA