Qoraqalpog‘iston zamonaviy sanoatning yangi manziliga aylanmoqda
Bugun Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investitsiyaviy loyihalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi hududning iqtisodiy salohiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat bermoqda.
Ayniqsa, Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bo‘lgan yuksak e’tibori, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Yaqinda yurtimizda ilk bor tadbirkorlar tashabbusi bilan zamonaviy texnologiyalar asosida oltin ishlab chiqarish zavodining ishga tushirilishi ana shunday e’tibor va yaratilgan imkoniyatlarning muhim samaralaridan biri bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun bu voqeaning ahamiyati nihoyatda katta. Chunki yangi zavodning ishga tushirilishi nafaqat navbatdagi ishlab chiqarish ob’ektining barpo etilganini, balki hududimizda investitsiyaviy muhit, tadbirkorlik faoliyati va zamonaviy sanoatni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganini ham ko‘rsatadi.
Umumiy qiymati 33 million AQSH dollari bo‘lgan investitsiya mablag‘i hisobidan amalga oshirilgan mazkur loyiha zamonaviy texnologiyalarga asoslangani bilan alohida ahamiyatga ega. Zavodda sof oltin ishlab chiqarish jarayonida mahsulotning to‘rtta 9 — Au 999,9 darajasiga yetkazilishi esa mamlakatimiz sanoati tarixida muhim voqealardan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yangi korxonaning to‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida sutkasiga 1000 tonna rudani qayta ishlash orqali yiliga yarim tonnadan ziyod oltin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu raqamlar ortida yuzlab oilalarning daromadi, yangi kasb va zamonaviy mehnat ko‘nikmalarini egallaydigan yoshlar, hududda yangi iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘ladigan insonlar taqdiri mujassam.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur zavodning ishga tushirilishi Qoraqalpog‘istonda sanoatni diversifikatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish borasidagi muhim qadamdir.
E’tiborli jihati shundaki, bunday loyihalar hududning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshiradi. Bir yirik investitsiyaviy loyiha ortidan yangi hamkorlik aloqalari, zamonaviy texnologiyalar, malakali mutaxassislarga bo‘lgan talab va qo‘shimcha biznes imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Bu esa iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, hududda har bir yangi korxona va ishlab chiqarish quvvatining ishga tushirilishi bu, avvalo, xalqimiz uchun yangi imkoniyatlar deganidir. Bugungi islohotlarning eng muhim mezoni ham aynan shu — investitsiyalar va yangi loyihalar odamlar hayotida qanday natija berayotgani, qancha yangi ish o‘rni yaratilayotgani, aholi daromadlari va farovonligi qay darajada oshishi bilan belgilanadi.
Prezidentimiz ta’kidlayotganidek, inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini ta’minlash va hududlarni har tomonlama rivojlantirish islohotlarning ustuvor maqsadidir. Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan har bir yirik investitsiyaviy loyiha ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Yangi zavodning ishga tushirilishi bilan Qoraqalpog‘istonda yangi iqtisodiy sahifa ochilmoqda, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tashabbus va imkoniyatlar uyg‘unligi, investitsiya va zamonaviy texnologiyalar hamkorligi, eng muhimi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi amaliy natijaning yorqin namunasidir.
Ruslan Djumamuratov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA