Orolbo‘yida yo‘l qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida barcha sohalar qatori yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitini yaratish hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.
— Bugungi kunda respublikada jami 4 ming 172 kilometr umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan 664 kilometri xalqaro, 966 kilometri davlat, 2 ming 542 kilometri esa mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini tashkil etadi. Mazkur yo‘l tarmog‘i respublikaning barcha hududlarini o‘zaro bog‘lab, aholi va tadbirkorlar uchun ishonchli transport qatnovini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘l xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat dasturlari izchil amalga oshirilmoqda, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi boshlig‘i Umrbek Matnazarov.
2026-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shahar va tumanlarning ichki xo‘jalik yo‘llari, ko‘priklar hamda yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarida keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 468,5 kilometr umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, shuningdek, 970 kilometr ichki xo‘jalik yo‘lini ta’mirlash rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar davlat byudjeti, investitsiya dasturlari, xalqaro moliya institutlari hamda “Tashabbusli byudjet" dasturi mablag‘i hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026 — 2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish hamda ko‘priklarni zamonaviy talablar asosida qayta qurish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lining 698–723 kilometr qismida, D-234 “Nukus – Chimboy – Taxtako‘pir” avtomobil yo‘lining 9,3–14,3 kilometr qismida, shu bilan birga A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 787,5 kilometr qismida joylashgan yo‘l o‘tkazgich zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinmoqda. Bundan tashqari, D-231 “Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq” avtomobil yo‘lining 11,8 kilometr qismida joylashgan ko‘prikda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025 — 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 4R174 “Nukus shahri – Xo‘jayli shahri” avtomobil yo‘lining 0–11 kilometr qismida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 94,3 kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, asfalt qoplamasi yotqizish, ko‘priklarni ta’mirlash hamda tungi yoritish tizimlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar uchun 105,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, bugungi kunda qurilish ishlari jadal davom etmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar ham yo‘l qurilishi sohasida yangi bosqichni boshlab berdi. Jumladan, A-380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘lining 673–698 kilometr oralig‘idagi 25 kilometrlik qismi sement-beton qoplama asosida rekonstruksiya qilinmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ham bir qator muhim ob’ektlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Jumladan, A-380 avtomobil yo‘lining Qorao‘zak va Beruniy tumanlari hududidan o‘tuvchi 673-698-km (25 km) kilometrlik qismi sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshiriladi. Shu bilan birga, Shumanay tumanidagi D-235 avtomobil yo‘lining 22 kilometrlik qismi, A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining Xo‘jayli tumani hududidan o‘tgan 787,5 kilometrlik qismida joylashgan 60 metr uzunlikdagi yo‘l o‘tkazgichi, shuningdek, Bo‘zatov tumanidagi 95V038 avtomobil yo‘lining 18,3 kilometrlik qismi foydalanishga topshiriladi.

Shu bilan birga, Prezidentimizning 2024-yil 15-apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 61,3 kilometr mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini sement-beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha yana bir yirik loyiha amalga oshiriladi.
Umumiy qiymati 18,5 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur loyiha doirasida Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Chimboy, Kegeyli, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot, Shumanay, Qonliko‘l, Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l tumanlari hamda Nukus shahridagi jami 27 ta ob’ekt qamrab olinadi. Xususan, 1-lot bo‘yicha 16,6 kilometr, 2-lotda 18,2 kilometr, 3-lotda 14,1 kilometr, 4-lotda esa 12,4 kilometr avtomobil yo‘llari sement-beton qoplamaga o‘tkaziladi.
Hozirgi kunda loyiha bo‘yicha 4 ta lot yuzasidan tender savdolari e’lon qilingan. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida mahalliy avtomobil yo‘llarining xizmat muddati sezilarli darajada uzayadi, ekspluatatsiya xarajatlari kamayadi, eng muhimi, aholi va transport vositalari uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy harakatlanish sharoitlari yaratiladi.
Yo‘l — taraqqiyot mezoni. Bugun eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz arafasida Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat yo‘l infratuzilmasini yangilashga, balki hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, logistika imkoniyatlarini kengaytirish hamda aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri