Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida respublika bo‘ylab yangi ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlari foydalanishga topshirilmoqda.
Mana shunday ob’ektlar qatorida To‘rtko‘l temir yo‘l vokzalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur vokzal to‘liq rekonstruksiya qilinib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va qulayligini oshirishga qaratilgan zamonaviy sharoitlar yaratildi.
Rekonstruksiya ishlari doirasida vokzal binosining ichki va tashqi qismi yangilanib, zamonaviy kutish zali tashkil etildi, yangi o‘rindiqlar o‘rnatildi. Poyezdlar harakati haqida tezkor ma’lumot beruvchi elektron axborot tablosi joriy qilindi hamda bepul internet xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ham tegishli qulayliklar yaratildi. Tashqi hudud obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, vokzal hududida chakana savdo, aloqa uskunalari va ofis xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
***
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida Xo‘jayli tumanida yangidan qad rostlagan savdo majmuasi foydalanishga topshirildi.

Tantanali tadbirda keng jamoatchilik vakillari va hudud aholisi ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan farmon va qarorlari asosida berilgan imtiyozlardan foydalanib, 15 milliard so‘m mablag‘ hisobidan yangi investitsiya loyihasi ishga tushirildi. Natijada 32 ta shoxobchadan iborat bo‘lgan savdo majmuasi o‘z faoliyatini boshlab, 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Tadbir ochilishida so‘zga chiqqanlar bunday ob’ektlar tumanda xizmat ko‘rsatish sohasi rivojiga, hududning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga salmoqli hissa qo‘shishini, bu o‘z navbatida tuman aholisi uchun bayram sovg‘asi bo‘lganini ta’kidladi.
***
Bo‘zatov tumani “Ko‘k-suv” ovul fuqarolar yig‘ini hududida Farg‘ona viloyati hokimligi homiyligi hisobidan mahalla binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan yangi binoning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqanlar hudud ahlini mustaqilligimizning 35 yilligi va yangi binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tabrikladi. Albatta, yangi bino mahalla ahli uchun qulay sharoit yaratib, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
***
Mo‘ynoq tumani prokuraturasi tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga yangi o‘quv yili oldidan o‘quv qurollari va maktab kiyimlari topshirildi.

Ko‘rsatilgan amaliy yordam bolajonlarning yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyat va katta ishonch bilan boshlashlariga munosib ko‘mak bo‘ldi.
Tadbir davomida bolalarga samimiy tilaklar bildirilib, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi. Bu esa bolalar uchun nafaqat zarur o‘quv jihozlari, balki mehr va qo‘llab-quvvatlashning yorqin ifodasi bo‘ldi. Zero, har bir bolaning sifatli ta’lim olishi, teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi va kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishi jamiyatimiz uchun muhim qadriyatdir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.