Vazir arzonlashtirilgan bayram yarmarkasini o‘rgandi
Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami nishonlanayotgan ayni kunlarda aholini sifatli, sarxil va hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida Toshkent shahridagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi. Ulardagi narxlar haqiqatdan ham arzonmi, shu kunlarda mutasaddilar tomonidan bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Bozorlarda xaridor, sotuvchilarga yetarlicha sharoit yaratilganini o‘rganish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va mas’ullar Olmazor tumanidagi dehqon bozorida tashkil etilgan bayramoldi savdo yarmarkasiga tashrif buyurishdi. Bu yerdagi savdo jarayonlari, mahsulotlar sifati, ularning yetkazib berilishi hamda narx-navo ishchi guruh tomonidan ko‘zdan kechirildi.
Yarmarkaga Surxondaryo viloyatidan turli xil meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, kartoshka, piyoz, sabzi, karam, pomidor, bodring, qovun-tarvuz, shuningdek, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Mahsulotlar aholiga bozor narxlariga nisbatan qulay va arzon narxlarda taklif etilayotgani xaridorlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.

O‘rganishlar davomida vazir savdo rastalaridagi mahsulotlarning mo‘l-ko‘lligi, sifati va narxlarining maqbulligiga alohida e’tibor qaratdi. Xaridorlar bilan suhbatlashib, ularning fikr-mulohazalari va takliflarini tingladi. Aholi uchun kundalik ehtiyojda zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini yetarli miqdorda va uzluksiz yetkazib berish muhimligi ta’kidlandi.
Mas’ullarga yarmarkalarni mahsulotlar bilan muntazam ta’minlash, savdo rastalaridagi assortimentni yanada kengaytirish, mahsulotlarning sifati va sanitariya talablariga rioya yetilishini nazorat qilish, narxlarning asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda xaridorlar uchun qulay va madaniyatli savdo sharoitlarini yaratish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, bayramoldi savdolarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va fermer xo‘jaliklari ishtirokini kengaytirish, mahsulotlarni bevosita ishlab chiqaruvchilardan iste’molchilarga yetkazib berish orqali ortiqcha vositachilik xarajatlarini kamaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Bunday arzonlashtirilgan yarmarkalar aholining bayram dasturxonini to‘kin qilish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini qulay narxlarda xarid qilish imkoniyatini kengaytirishga, ichki bozorda mahsulotlar mo‘l-ko‘lligini ta’minlash va narxlar barqarorligini saqlashga xizmat qilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA