Ma’rifatparvar alloma Ibrat merosi yod etildi
Namanganda 31-avgust – Qatag‘on qurbonlari kuni munosabati bilan “Nuroniy” jamg‘armasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi”da bo‘lib o‘tgan tadbirda ulug‘ ma’rifatparvar alloma Ishoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ibratning hayot yo‘li, amalga oshirgan ishlari va uning keyingi avlodining namoyandalari bilan yaqindan tanishtirildi. Uchrashuvga Ibrat boboning chevarasi – Namangan teleradiokanalining mas’ul xodimi Ikromjon Sodiqov taklif qilindi.
“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisining o‘rinbosari Abdurashid Boltaboyev, “Mahalla” fondi viloyat bo‘limi rahbari Ahmadjon Mukarramov qayd etishganidek, Birinchi Prezidentimizning 2001-yil 1-maydagi “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui bag‘rida bunyod etilgan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi istiqlol g‘oyalariga asoslangan ma’naviyat maskaniga aylangan. Muzey o‘z faoliyatini 2002-yil 31-avgustda boshlagan, shu sababli mazkur sana – Qatag‘on qurbonlari kuni sifatida belgilangan.

Ta’kidlab o‘tilganidek, 1921-1953-yillar orasida Namangan viloyatida 1 ming 673 kishi qatag‘on qurboniga aylangan, ulardan 800 nafari o‘lim jazosiga hukm etilgan. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-oktabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishi asosida Respublika ishchi guruhi hamda qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, Oliy sudning 2021-yil 25-avgustdagi qarori bilan 115 nafar qatag‘on qurboni oqlangan.
Ishoqxon to‘ra Ibrat ma’rifatparvar shoir, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk o‘zbek matbaachilaridan bo‘lib, 1862-yilda To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlabki ma’lumotni eski maktabda, so‘ngra onasining qo‘lida oladi. Keyinroq Qo‘qonga borib madrasaga o‘qishga kiradi. Ibrat 1886-yili madrasani tugatib, o‘z makoniga qaytib keladi. U o‘z faoliyatini pedagog sifatida qishloqda ma’rifat tarqatish bilan boshladi. O‘sha yili eski mahalliy maktablardan ancha farq qiluvchi yangicha maktab ochadi.
Ibrat chin qalbdan o‘z xalqining ilmli, ma’rifatli bo‘lishini istadi. Keyingi 20 yil ichida 14 ta ilmiy-tarixiy, lingvistik asar yozdi. 30 yillik poetik ijodining majmui – “Devoni Ibrat” she’rlar to‘plamini tuzdi. Tarixshunoslikka oid “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat” va “Mezon uz-zamon” ilmiy asarlarini yaratdi. U !Turkiston viloyati gazeti”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” gazetalariga yozgan maqolalarida fan, ma’rifat va madaniyatni targ‘ib etgan.

Ibratning so‘nggi yillardagi hayoti ancha tahlikali o‘tdi. 1935-yildan u hamma lavozimlardan olib tashlandi. 1937-yilning aprel oyida 75 yoshli keksa shoir va ma’rifatparvar hibsga olinib, Andijon turmasida vafot etadi.
Muloqotda qatnashgan Ibrat hayot yo‘lini o‘rgangan olimlar va allomaning nevarasi jadidchi olimning o‘z nomiga munosib hayot va faoliyati haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

– Mana shunday shukuhli damlarda katta bobom Ishoqxon Ibrat xotirasiga uyushtirilgan tadbir uchun tashkilotchilardan behad minnatdorman. 1991-yili Namangan viloyati teleradiokompaniyasiga ishga kelganimdan keyin Ibrat haqida ko‘plab ma’lumotlar to‘plashga kirishdim, – deydi Ishoqxon Ibrat domla chevarasi Ikromjon Sodiqov. – Prezidentimiz tomonidan bobom merosiga alohida e’tibor qaratilishi natijasida Ishoqxon to‘ra Ibrat to‘g‘risida hujjatli film suratga olishga muyassar bo‘ldim. Nuroniylar va tuman faollari bilan muloqotda katta bobom xususida iliq so‘zlarni eshitish juda quvonchli bo‘ldi. Men Ibrat domlaning avlodi ekanligimdan faxrlanaman.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri