Qorao‘zakda intensiv bog‘dorchilik rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida bog‘dorchilik sohasini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, eksportbop meva yetishtirish va qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shunday xo‘jaliklardan biri — «Aytboy yeri» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 2023–2024-yillarda 7 gektar maydonga invitro usulida yetishtirilgan 4 ming 600 tup «Santa Mariya» navli intensiv nok ko‘chatlari 4x4 va 4,5x2,5 sxemalari asosida ekilgan.
Bugungi kunda bog‘dagi ko‘chatlar yaxshi rivojlanib, hosil berish bosqichiga kirgan. Yetishtirilayotgan mahsulot ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Yer maydonidan unumli foydalanish maqsadida bog‘ qator oralarida pomidor va boshqa sabzavot ekinlari ham parvarishlanmoqda.
[gallery-30509]
Xo‘jalik mutaxassislarining ta’kidlashicha, «Santa Mariya» navi mahalliy iqlim sharoitiga yaxshi moslashishi, yuqori hosildorligi hamda eksport talablariga javob beradigan sifati bilan ajralib turadi.
Ayni paytda bog‘da barcha agrotexnik tadbirlar belgilangan talablar asosida amalga oshirilmoqda. Kelgusida yetishtirilayotgan mahsulot eksport geografiyasini kengaytirish, mahalliy mevachilik mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA