Qorako‘lda raqamli kelajak sari muhim qadam
Bugun dunyoda taraqqiyot sur’atini texnologiya belgilayotgan bir paytda mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga yo‘naltirish, raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida barpo etilayotgan zamonaviy oliy ta’lim maskani esa ana shu ezgu maqsadning hududdagi amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi Acharya Institute of Technology — Uzbekistan Campus faoliyati bilan tanishib, ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi o‘quv majmuasi qurilishining yakuniy bosqichi hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi.
Mazkur tashrif mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT sohasida xalqaro talablarga javob beradigan kadrlar tayyorlash va yoshlarni zamonaviy kasblarga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning hududlardagi natijadorligini yana bir bor namoyon etdi. Tashrif davomida yangi o‘quv majmuasidagi qurilish ishlarining yakuniy bosqichga kirgani ko‘zdan kechirildi.
Zamonaviy arxitektura va ilg‘or ta’lim infratuzilmasi asosida barpo etilayotgan mazkur majmua O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida yoshlar uchun zamonaviy, ko‘rkam va yuqori ta’lim standartlariga mos oliy ta’lim maskani sifatida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilgan. Bu yerda yaratilayotgan sharoitlarning ahamiyati faqat yangi bino bilan o‘lchanmaydi. Zero, zamonaviy kampus — bu bilim, texnologiya, ilmiy izlanish, innovatsiya va tadbirkorlik bir nuqtada uyg‘unlashadigan yangi avlod ta’lim muhitini shakllantirish uchun muhim poydevordir.
Yangi kampusning faoliyati Buxoro viloyatida IT sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, yoshlarni raqamli kasblarga jalb etish va hududda zamonaviy texnologik ekotizimni shakllantirishda muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.
Bugun axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin ortib bormoqda. Shu bois zamonaviy ta’limning asosiy vazifasi yoshlarga faqat nazariy bilim berish bilan cheklanmasdan, ularni real mehnat bozoriga tayyorlashdan iborat.
Shu nuqtai nazardan, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, talabalarni haqiqiy loyihalarga jalb etish, xalqaro IT kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu yondashuv yoshlarga diplom emas, avvalo, kasb, tajriba va raqobatbardoshlik berishga xizmat qiladi.
Ta’lim muassasasini Buxoro viloyatida shakllanayotgan IT klasterining muhim bo‘g‘iniga aylantirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga e’tiborni yanada kuchaytirish hamda universitet, IT kompaniyalar, startaplar va texnologik hamjamiyat o‘rtasida uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga qo‘shimcha tavsiyalar berildi.
Muhim vazifalardan yana biri — IT ta’limining qamrovini kengaytirish. Shu maqsadda ko‘proq yoshlarni raqamli texnologiyalarga jalb qilish, maktab o‘quvchilari va talabalar uchun qo‘shimcha raqamli ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ularning dasturlash, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar tahlili va boshqa istiqbolli yo‘nalishlardagi bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bunday yondashuv ayniqsa hududlardagi iqtidorli yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ilgari faqat yirik shaharlarda mavjud bo‘lgan zamonaviy IT ta’limi va texnologik muhitning viloyatlarda ham shakllanishi yoshlarning o‘z hududida turib, jahon bozori uchun raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishiga zamin yaratadi.
Universitet bazasida startap laboratoriyalarini tashkil etish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini rivojlantirish, mentorlik va akseleratsiya mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Eng muhimi, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularning g‘oyalarini loyihaga aylantirish, startaplarni investitsiya bilan ta’minlash va istiqbolli ishlanmalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Zero, bugungi yoshning g‘oyasi ertangi yirik kompaniyaga, bugungi startap esa kelajakda mamlakat iqtisodiyotiga katta qiymat qo‘shadigan texnologik mahsulotga aylanishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri