Mehnat migratsiyasi zaruratmi yoki imkoniyat?
Migratsiya haqida gap ketganda, ko‘z oldimizga xorijga ishlash uchun ketayotgan yurtdoshlarimiz, aeroportlardagi kuzatuvlar, oilasini vaqtincha tark etayotgan ota-onalar va yosh yigitlar, xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari keladi. Ammo migratsiya faqat shundan iborat emas. Uning zamirida mehnat bozori, inson kapitali, oila farovonligi, demografiya va mamlakat iqtisodiyoti bilan bog‘liq jarayonlar mujassam. Bugungi globallashuv davrida dunyoning barcha mamlakatlari bu jarayonning ob’ekti yoki sub’ekti hisoblanadi.
Jumladan, mamlakatimizda ham migratsiya jarayonlari jadal tus olmoqda. Sababi aholi soni yil sayin oshib bormoqda va bu, avvalo, katta imkoniyat. Yosh va mehnatga layoqatli aholi qatlami – iqtisodiyotni harakatlantiruvchi katta kuch. Har yili yurtimiz mehnat bozoriga yuz minglab yangi ishchi kuchi kirib keladi. Lekin ularning barchasiga bir vaqtning o‘zida yuqori daromadli ish o‘rni yaratib berish oson emas. Ana shunday sharoitda mehnat migratsiyasi ish bozoridagi talab va taklifni muvofiqlashtiruvchi tabiiy mexanizmlardan biriga aylanadi. Boshqacha aytganda, migratsiya faqat mamlakatda ish topa olmagan insonning xorijga ketishi emas, dunyo mehnat bozorida mavjud imkoniyatlardan foydalanish vositasi hamdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida 1,2 million nafar yurtdoshimiz mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, xorijiy davlatlarda til va kasbiy talablarga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassislarga ehtiyoj mavjud. Bu endi ish izlovchilarni shunchaki “xorijga ishga yuborish” emas, balki xalqaro mehnat bozori talab qilayotgan mutaxassislarni tayyorlash, ularni kafolatli, yuqori daromadli ishga joylashtirish zarurati paydo bo‘ldi, degani.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi faoliyati ana shu mezondan kelib chiqib yo‘lga qo‘yilgan. Agentlik oldiga xorijga ishga borayotgan yurtdoshlarimizni kasbga tayyorlash va til o‘rgatish, chetda mehnat qilayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi vazifalar yuklangan.

– Xorijga ishlash uchun ketadigan fuqaroni til va kasbga tayyorlash eng muhim vazifalardan biri, – deydi Migratsiya agentligi Samarqand hududiy filiali rahbari Laziz Ibragimov. – Chunki til bilgan, kasb-hunarga ega va xalqaro sertifikat olgan mutaxassisning daromadi ham, huquqlarini himoya qilish imkoniyati ham yuqori bo‘ladi. Bugun davlatimiz tomonidan migratsiya geografiyasini kengaytirish, fuqarolarni an’anaviy davlatlarga emas, yuqori daromadli mamlakatlarda ishlashga yuborishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy davlatlar hukumatlari va migratsiya idoralari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda. Chunki dunyoda mehnat bozori o‘zgarmoqda. Ilgarigi oddiy kasblarning bir qismi avtomatlashib borayotgan bir paytda yangi texnologiyalar, yashil iqtisodiyot, tibbiyot, muhandislik, logistika va raqamli sohalarda yangi ehtiyojlar paydo bo‘lmoqda, qo‘l mehnatiga asoslangan kasblarga talab oshmoqda. Bu esa mavjud mehnat resurslarimizni jahon mehnat bozori talablariga moslashtirishni taqozo etadi. Masalan, Germaniyada bugun 25 mingdan ortiq ishchi-xizmatchiga ehtiyoj bor. Asosiy talab – nemis tilini bilish va taklif etilayotgan ishlar bo‘yicha kasb ko‘nikmasiga ega bo‘lish. Fransiya esa qishloq xo‘jalik ishlari uchun mutaxassislarni ishga taklif qilmoqda. Italiyadagi hamkorlarimiz ham tibbiyot sohasida oliy ma’lumotli hamshiralar, shifokorlar hamda tez tibbiy yordam xodimlarini ishga qabul qilishini bildirgan. Bu yil dastlabki olti nafar shifokor ushbu davlatga borib, mehnat faoliyatini amalga oshirdi. Bundan tashqari Koreya, Rossiya, Belarus, Slovakiya, Yaponiya hamda Buyuk Britaniya davlatlari bilan ham kelishuvlarimiz mavjud va ularning talablariga mos mutaxassislarni tanlab, yuboryapmiz.
Agentlik faoliyatida bunga alohida e’tibor qaratilib, xorijga ishga borayotgan har bir yurtdoshimizning ma’lum bir kasb, mutaxassislikka ega bo‘lishi, xorijiy tilni bilishi asosiy talab sifatida belgilangan. Masalan, Yaponiyada haydovchi bo‘lib ishlovchilar 8 oy davomida, Germaniyaga nemis tilini B1 darajada biladigan va xalqaro sertifikati bor avtobus haydovchilari 3 oy davomida “D” kategoriyasiga o‘qitilmoqda. Hamshiralar esa 10 oy davomida B2 daraja sertifikat olish uchun nemis tiliga tayyorlanmoqda.
Shveysariyaning “Globogate Contept” AG korxonasi Agentlik bilan bir necha yillardan beri hamkorlik qilib, hamshiralarni nemis tiliga o‘qitib, B2 daraja sertifikatiga ega fuqarolarni Germaniyaga ish bilan ta’minlab kelmoqda. O‘tgan yildan boshlab Abu Ali ibn Sino nomidagi texnikumlarda talabalar 3 yil davomida Germaniya dasturi bo‘yicha ta’lim olib, ham nemis tilini o‘rganmoqda. Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan hamda nemis tilida V2 darajani qo‘lga kiritgan talabalar Germaniyada hamshira sifatida ish boshlaydi. Ayni paytda Samarqand viloyatidagi 3 ta – Abu Ali ibn Sino nomidagi Siyob, So‘zangaron hamda Kattaqo‘rg‘on texnikumlarida ushbu dastur asosida talabalar o‘qitilmoqda. Ushbu dasturning 10 oylik nemis tili o‘quv kursidan afzalligi shundaki, bunda hamshiralik mutaxassisligi yo‘q fuqarolar kasb egasiga aylanadi, Germaniyaga borganidan so‘ng qo‘shimcha o‘qimaydi va mehnat staji talab qilinmaydi.
Xorijiy davlatlarda mavjud ish o‘rinlari talablariga javob beradigan fuqarolar tegishli tartibda yirik xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tanlovlarga jalb qilinmoqda. Birgina shu yilning o‘zida o‘ndan ortiq xorijiy davlatning 47 ta ish beruvchi vakili bilan hamkorlikda 74 marotaba tanlov o‘tkazildi va bu tadbirlarda 2,1 ming nafar nomzod ishtirok etdi. Ulardan orasidan 1,1 ming nafari tanlab olinib, shu paytgacha 963 nafar fuqaro xorijda ishga joylashtirildi.
Jumladan, 23 nafar yurtdoshimiz tanlov orqali Germaniyaga avtobus haydovchiligiga yuborildi. Ularning barcha xarajatlari ish beruvchi hisobidan qoplab berildi. Bundan tashqari, barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga oladigan Rossiya Federatsiyasi va Belarus davlatlaridagi ish beruvchilar filialda har hafta bo‘sh ish o‘rinlarga tanlovlar o‘tkazadi. Olis hududlarda yashovchi fuqarolar ushbu tanlovlarda tuman va shaharlardagi kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlaridan onlayn qatnashishlari uchun ham sharoit yaratilgan.
Yaqinda davlatimiz rahbarining Belarus Respublikasiga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq Samarqand viloyati ushbu davlatning Grodno viloyati bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda. Unga ko‘ra, Belarusda chorvachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu loyihalar bo‘yicha ishchilarni Samarqanddan jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Migratsiya va kasbiy ta’lim agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik asosida bugungi kunda texnikumlarda fuqarolarni kasbga o‘rgatish va xorijiy tillarni o‘qitish kurslari tashkil etilgan. Jumladan, Samarqand shahar 3-texnikumi qoshidagi qurilish sohasida mutaxassislar tayyorlash markazida to‘rt yo‘nalish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari hamda tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, xorijga ishga yuborilayotgan shaxslar uchun birlamchi tayyorlov kurslari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Markaz rahbari Jasur To‘ychiyevning qayd etishicha, yangi dastur asosida joriy yil 1-maydan o‘quvlar boshlanib, 120 nafar tinglovchi qurilish sohasi bo‘yicha kasb ko‘nikmalariga ega bo‘ldi va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Ular o‘qish jarayonida migratsiya agentligi tomonidan xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovlarda ham qatnashgan.
Bundan tashqari, markazda tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Koreyaga ishga yuboriladigan shaxslar birlamchi tayyorlov kursida o‘qimoqda.
– Agentlik tomonidan tashkil etilgan tanlovda qatnashib, Koreyadagi kemasozlik zavodiga ishlash uchun yo‘llanma olganman, – deydi surxondaryolik Sardor Shaydulov. – Ishga ketish oldidan markazga o‘qishga chaqirishdi va bu yerda Koreya davlati va uning qonunchiligi, aholi turmush tarzi, madaniyati haqida tushuncha berishyapti. Bu ko‘nikmalar bizga Koreyaga borib ishlashimiz va o‘sha yurt muhitiga tez moslashishimizga yordam beradi, deb o‘ylayman.
Migratsiya xorijga ish ketishgina emas, agar to‘g‘ri boshqarilsa, bu bilim olish, tajriba orttirish va keng imkoniyatlarga ega bo‘lib kelish demakdir.
G‘olib Hasanov,
O‘zA muxbiri