Butunjahon suv haftaligi: O‘zbekiston suv diplomatiyasi va mintaqaviy hamkorlikni ilgari surmoqda
Ayni kunlarda Shvetsiyaning Stokgolm shahrida “Suv - insonlar va taraqqiyot uchun” mavzusida Butunjahon suv haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Stokgolm xalqaro suv instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ilm-fan va biznes vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanda suv taqchilligi, iqlim o‘zgarishi, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv xavfsizligi, raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar muhokama qilinmoqda.
Haftalikda O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashyapti. “BMTning 2026-yilgi Suv konferensiyasi: kelajak barpo etiladigan makon” sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunboyev mamlakatimizda suv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani raqamlashtirish va malakali kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keyingi yillarda suv masalasi O‘zbekistonda davlat siyosatining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Suv resurslarini boshqarishning yangi huquqiy va institutsional asoslari yaratildi.
Eng muhimi, O‘zbekiston suv masalasiga nafaqat ichki iqtisodiy yoki ekologik muammo, balki mintaqada tinchlik, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikni ta’minlaydigan muhim omil sifatida yondashmoqda.

O‘zbekiston uchun suv diplomatiyasi – tinchlik, ishonch va umumiy farovonlikni ta’minlovchi vosita. Shu bois transchegaraviy suvlardan oqilona foydalanish, ishonchli ma’lumotlar almashinuvi va qo‘shma mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi u.
Butunjahon suv haftaligi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ham qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, SIWI ijrochi direktori Xelena Taybel, Yevropa komissiyasi komissari Jessika Ruzval hamda BMT Universitetining Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti direktori, professor Kave Madani bilan muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonning 2027-2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi doirasida mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, suv resurslarini raqamli monitoring qilish, zamonaviy infratuzilmaga investitsiyalar jalb etish, qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish va soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Muloqotlarda mamlakatimizning suv sohasini moliyalashtirish bo‘yicha tajribasi ham xorijiy hamkorlarga taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, 2026-yil yakuniga qadar suv sohasiga ajratiladigan mablag‘lar Davlat byudjeti xarajatlarining 4,2 foiziga yetishi kutilmoqda. 2017-2025-yillarda suv xo‘jaligiga yo‘naltirilgan yillik mablag‘lar qariyb to‘rt barobarga, ichimlik suvi ta’minotiga kiritilgan investitsiyalar esa o‘n barobarga oshgan.
Bularning barchasi mamlakatda suv resurslarini boshqarishga yangicha yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bugun suv tejamkor texnologiyalarni kengaytirish, sohaga investitsiya va innovatsiyalarni jalb qilish hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish O‘zbekistonning suv siyosatida muhim o‘rin tutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Butunjahon suv haftaligi 27-avgust kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA