Qonundagi özgarişlar muhokama qilindi
Oqoltin tumanida korxona va taşkilotlarning kadrlar böyiça menejerlari hamda ijro intizomiga masʼul xodimlari iştirokida lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosiga kiritilgan özgartirişlar, ularning mazmun-mohiyati va amaliyotda qöllanilişiga bağişlangan seminar taşkil etildi.
Unda Özbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida»gi Qonuniga özgartiriş kiritiş haqidagi 2026-yil 21-oktabrdagi Qonunining asosiy maqsadlari, mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati atrofliça muhokama qilindi.
Tadbirda viloyat hokimining maslahatçisi Ğaybulla Yusupov hamda Davlat tilini rivojlantiriş va malaka oşiriş markazi Sirdaryo hududiy bölinmasi rahbari Hamid Yodgorov yangi alifboning öziga xos xususiyatlari, kiritilgan özgartişlarning zarurati va ularni amaliyotga tatbiq etiş masalalari yuzasidan batafsil tuşuntirişlar berdilar.

Şuningdek, davlat tilida iş yuritiş, rasmiy hujjatlarni tayyorlaşda adabiy til meʼyorlari va imlo qoidalariga rioya etiş borasida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Taʼkidlanganidek, sönggi yillarda mamlakatimizda özbek tilini rivojlantiriş, uning davlat tili sifatidagi nufuzini oşiriş va jamiyat hayotining barça sohalaridagi mavqeini mustahkamlaşga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugun özbek tili davlat boşqaruvi, taʼlim, ilm-fan, iqtisodiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boşqa köplab yönalişlarda keng qöllanilmoqda. Ayni paytda uning xalqaro maydondagi nufuzi ham ortib, xorijiy mamlakatlarda özbek tilini örganişga bölgan qiziqiş kuçayib bormoqda.
Bunday şaroitda milliy yozuv tizimini zamon talablari, ilmiy tadqiqotlar va raqamli texnologiyalar rivoji bilan uyğunlaştiriş muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Zero, alifbo nafaqat savodxonlik va yozma muloqot vositasi, balki tilning raqamli muhitda tölaqonli namoyon bölişi, axborot almaşinuvi va bilimlarni keng tarqatişning ham muhim asosidir.
Seminarda yangi qonun bilan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosining tarkibiga kiritilgan özgartişlarga alohida eʼtibor qaratildi. Unga muvofiq, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi örniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat alifbo tizimini joriy etiş nazarda tutilgan.
Jumladan, özbek yozuvida qöllanib kelinayotgan O‘, G‘, Sh va Ch belgilarini Ö, Ğ, Ş va Ç şaklida ifodalaş taklif etilgan. Bu özgarişlar ikki qismdan iborat grafik belgilarni yagona harf körinişiga keltiriş, yozuvdagi bir xillikni taʼminlaş hamda matnlar bilan işlaş jarayonlarini soddalaştirişga xizmat qilişi kutilmoqda.
Muhimi, mazkur islohotni alifboni butunlay yangidan şakllantiriş emas, balki mavjud yozuv tizimini takomillaştiriş, uning qulayligi va zamonaviy talablarga mosligini oşirişga qaratilgan jarayon sifatida baholaş lozim.

— Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt jadal rivojlanayotgan bugungi davrda yozuvda aniqlik va yagona grafik belgilardan foydalaniş muhim ahamiyat kasb etadi. Tovuşlarning yagona harflar orqali ifodalanişi kompyuter tizimlarida matnlarni qidiriş, tanib oliş, qayta işlaş, saqlaş va avtomatik tarjima qiliş jarayonlarini yanada takomillaştiriş imkonini beradi. Bu esa özbek tilining raqamli makondagi imkoniyatlarini kengaytiriş, uni zamonaviy texnologiyalar bilan uyğun rivojlantirişga xizmat qiladi, — deydi viloyat hokimining maslahatçisi Ğaybulla Yusupov.
Şu nuqtai nazardan, alifboga kiritilayotgan özgartişlar nafaqat yozuv amaliyoti, balki davlat tilining zamonaviy axborot muhitidagi örni va raqobatbardoşligini mustahkamlaş nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar davomida iştirokçilarga yangi alifboning öziga xos jihatlari, uning imlo va iş yuritiş amaliyotiga taʼsiri, taşkilotlarda davlat tilida hujjatlar tayyorlaşda eʼtibor qaratilişi lozim bölgan masalalar yuzasidan atrofliça maʼlumot berildi. Qatnaşçilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.
Bunday amaliy uçraşuvlar yangi qonunçilik talablarini joylarda töğri anglaş, mutaxassislarning bilim va könikmalarini oşiriş, taşkilotlarda davlat tilida iş yuritiş madaniyatini yuksaltirişda muhim ahamiyatga ega.
Bir söz bilan aytganda, tilning nufuzi faqat uning qonunçilikdagi maqomi bilan emas, balki kundalik hayotda, davlat boşqaruvida, taʼlim va ilm-fanda, şuningdek, zamonaviy texnologiyalar muhitida qay darajada töğri va samarali qöllanilişi bilan ham belgilanadi. Özbek tilini zamon bilan hamnafas rivojlantiriş esa uning kelgusi avlodlar uçun ham boy va mukammal milliy qadriyat sifatida saqlanib qolişini taʼminlaydi.
Ğulom Primov, ÖzA muxbiri