Qonunçilikdagi yangiliklar muhokama qilindi
Davlat tilining nufuzini oşiriş, uning yozma şaklida yagona meʼyorlarga amal qiliş va iş yuritişda imlo qoidalariga rioya etiş til siyosatining muhim yönalişlaridan biridir. Bu borada lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştirişga qaratilgan qonunçilikdagi özgartişlar alohida ahamiyat kasb etadi. Şu munosabat bilan Boyovut tumanidagi Ixtisoslaştirilgan maktab binosida «Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida»gi Qonunga özgartiriş kiritiş haqidagi Qonunning mazmun-mohiyati va uning ijrosini taʼminlaş masalalariga bağişlangan amaliy seminar taşkil etildi.
Tadbir tuman hokimligi, Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida iş yuritiş asoslarini öqitiş va malaka oşiriş markazining Sirdaryo viloyati hududiy hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tuman bölinmalari hamkorligida ötkazildi.

Unda mazkur markazning Sirdaryo viloyati hududiy bölinmasi rahbari Hamid Yodgorov iştirok etib, qonunçilikdagi yangiliklar, ularning amaliy ahamiyati va yangi meʼyorlarni hayotga tatbiq etiş masalalari yuzasidan tuşuntirişlar berdi.
Taʼkidlaş joizki, alifboga kiritilgan özgartişni özbek yozuvini tubdan yangilaş yoki amaldagi tizimdan voz keçiş sifatida emas, balki uni takomillaştirişga qaratilgan islohot sifatida baholaş lozim. Zero, alifbo va imlo meʼyorlarining izçilligi tilning yozma şaklda töğri, aniq va bir xil ifodalanişini taʼminlaşda muhim ahamiyatga ega.

Qonun bilan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosining amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasidan iborat tarkibi 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat şaklga keltirilişi nazarda tutilgan. Uşbu özgartişlar yozuv tizimini takomillaştiriş, ayrim tovuşlarning grafik ifodasini aniqlaştiriş hamda imlo meʼyorlarini yanada izçillaştirişga xizmat qiladi.
Seminar davomida takomillaştirilgan alifboni amaliyotga joriy etiş, rasmiy hujjatlar va iş yuritiş jarayonlarida, taşqi yozuvlar, peşlavha hamda körsatkiçlarda imlo va grafika meʼyorlariga rioya qiliş masalalari muhokama qilindi. Şuningdek, davlat organlari, muassasalar va taʼlim taşkilotlarida davlat tilida iş yuritiş jarayonida uçrayotgan muammolar, ularning yeçimlari yuzasidan fikr almaşildi.

Muloqotda yangi alifboni joriy etiş jarayonida izçillikni taʼminlaş, xodimlarning davlat tilida iş yuritiş va imlo savodxonligini oşiriş, qonunçilikdagi yangiliklarni keng jamoatçilikka yetkaziş muhimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida masʼul taşkilotlar örtasidagi hamkorlikni mustahkamlaş, joylarda tuşuntiriş-tarğibot işlarini tizimli davom ettiriş va belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlaş böyiça ustuvor yönalişlar belgilab olindi.
Ğulom Primov, ÖzA muxbiri