Qonunchilik takomillashmoqda
Mamlakatimizda aholi salomatligi va millat genofondini muhofaza qilish, ayniqsa, yosh avlodni giyohvandlik va psixotrop moddalarning halokatli ta’siridan asrash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda narkotik vositalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash sohasidagi qonunchilik tizimli ravishda takomillashtirilmoqda.
So‘nggi yillarda narkotik vositalarning internet tarmog‘i orqali tarqatilishi, yashirin narkolaboratoriyalar faoliyati hamda transmilliy jinoiy tarmoqlarning kengayishi mazkur sohada javobgarlik choralarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan qabul qilinayotgan yangi huquqiy normalar jinoiy va ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, voyaga yetmaganlar hamda talaba-yoshlarni muhofaza qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, bir qator ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish yoki uning faoliyatini ta’minlash uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, mansab vakolatlaridan foydalangan holda narkotik vositalar bilan bog‘liq jinoyatlarga rahnamolik qilish yoki ularning fosh etilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida ma’lumot yetkazib turish ham 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bangixona tashkil etish yoki saqlash uchun esa 3 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik sohasida ham muhim yangiliklar joriy etilmoqda. Xususan, narkotik vositalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan yangi alohida bob kiritilib, unda mazkur sohadagi huquqbuzarliklarni qamrab olgan 16 ta modda nazarda tutilmoqda.
Yangi qonunchilik normalariga muvofiq, narkotik vositalar bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni yengillashtirish mexanizmlari keskin cheklanmoqda. Xususan, bunday shaxslarni jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Narkotik vositalarni uyushgan guruh tomonidan, transmilliy jinoiy tuzilmalar orqali yoki internet tarmog‘i vositasida tarqatish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni ozodlikdan mahrum qilish muassasalarida yoki internet tarmog‘i orqali muomalaga kiritish uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ayrim turdagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasini ko‘p miqdorda yoki takroran sodir etganlik uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. Narkotik vositalarni iste’mol qilishga jalb etish oqibatida inson o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqqan hollarda esa aybdor shaxslar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Qonunchilikda voyaga yetmaganlarni muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Endilikda voyaga yetmagan shaxslarni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Ilgari bunday holatlarda dastlab ma’muriy, keyin esa jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanilar edi. Ayniqsa, ta’lim muassasalari, talabalar turar joylari va bolalar oromgohlarida voyaga yetmaganlarni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar ishtirokida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadida tayyorlash, saqlash, tashish yoki tarqatish bilan bog‘liq harakatlar uchun ham javobgarlik keskin kuchaytirilmoqda. Bunday qilmishlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni ta’lim muassasalari hududida muomalaga kiritish ham og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanib, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sabab bo‘ladi.
Bugungi kunda narkotik vositalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy tarqalishi nafaqat huquq-tartibot, balki millat kelajagi, yoshlar tarbiyasi va jamoat salomatligi bilan bog‘liq dolzarb masalaga aylangan.
Shu nuqtai nazardan, qonunchilikka kiritilayotgan mazkur o‘zgartishlar narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish, aholi salomatligini muhofaza qilish va yoshlarni turli tahdidlardan asrashga xizmat qiladi. Ayniqsa, internet orqali amalga oshirilayotgan narkotrafikka qarshi huquqiy mexanizmlarning kuchaytirilishi jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, mazkur huquqiy islohotlar mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalash, xavfsiz ijtimoiy muhitni shakllantirish va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Talantbek Madumarov,
Andijon davlat universiteti birinchi prorektori,
yuridik fanlar doktori, professor.
O‘zA