Piskentda sun’iy intellekt suvni boshqarmoqda
Piskent tumanida “Markaziy Osiyoda raqamli va intellektual sug‘orish (AI-Based Smart Irrigation)” xalqaro amaliy-investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Suv resurslari vazirligi huzuridagi “Sariq daryo loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot instituti” hamkorligida qilinyapti.

Bugungi kunda loyihaning amaliy bosqichi doirasida Xitoy tomonidan yetkazib berilgan sun’iy intellekt asosida ishlovchi yuqori texnologik “aqlli sug‘orish” uskunalarini o‘rnatish, sozlash va raqamli boshqaruv tizimlariga integratsiya qilish ishlari davom etmoqda. Uning doirasida avtomatlashtirilgan gidrotexnik zatvorlar, suv sathi va bosimini kuzatuvchi raqamli qurilmalar, intellektual sensorli monitoring tizimlari, avtonom meteorologik stansiyalar, quyosh energiyasida ishlovchi boshqaruv modullari hamda masofaviy ma’lumot uzatish vositalari joriy etilgan.
Xususan, "Ohangaron – Dalvarzin" irrigatsiya tizimi boshqarmasi hududida qurilayotgan 400 metrlik kanalga intellektual zatvorlar o‘rnatilmoqda. Ushbu qurilmalar suv sathi va sarfini real vaqt rejimida kuzatish, suv taqsimotini avtomatik boshqarish hamda suv yo‘qotilishini kamaytirish imkonini beradi. Sun’iy intellekt algoritmlari esa suv oqimini tahlil qilib, uni eng maqbul tarzda taqsimlashga xizmat qiladi.

Xitoylik mutaxassislar ishtirokida qurilmalarni kalibrovka qilish, dasturiy ta’minotga ulash, raqamli monitoring platformalari bilan sinxronlashtirish va intellektual boshqaruv tizimlarini test rejimida ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha nafaqat sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, balki suv resurslarini raqamli monitoring qilish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv taqchilligi xavflarini baholash va suvdan foydalanish samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi. Kelgusida ushbu texnologiyalarni O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasining yagona raqamli boshqaruv platformasiga integratsiya qilish rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA muxbiri