Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bo‘stonliq tumanida “Pahlavon Mahmud – Bahodirlar o‘yini” xalqaro turniri doirasida “Farhod Challenge III” xalqaro musobaqasi tashkil etildi
Toshkent viloyati va Bo‘stonliq tumani hokimliklari, Turizm qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada dunyoning 16 mamlakatidan kelgan 18 nafar sportchi ishtirok etdi. Murosasiz kechgan bahslarda sportchilar ikki kishilik jamoalar tarkibida estafeta, arqon bilan avtomobil tortish, tosh uloqtirish, yuk bilan aylana bo‘ylab harakatlanish hamda hovuzdagi kurash sinovlarida o‘z mahoratini namoyish etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Gruziyalik Nika Leykadze va ozarbayjonlik Aydin Humbatov juftligi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Eron va Turkiya vakillaridan iborat juftlikka nasib etdi. Hamyurtimiz Muhammadali To‘xtamatov esa jamoadoshi jarohat olganiga qaramay, matonat va iroda namunasini ko‘rsatib, faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
***
IIV JQD hamda Olmaliq shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilayotgan nazorat tadbiri davomida 32 yoshli shaxs Olmaliq shahri hududida nazoratdagi xaridorga marixuana giyohvandlik moddalarini sotgan vaqtida ushlangan.
Unga tegishli bo‘lgan sumkalar tekshirilganida qora sellofan o‘ramlarida tayyorlangan giyohvandlik moddalarini saqlayotgani aniqlanib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

***
Nurafshon shahrida zamonaviy yer osti yo‘lagi qurilishi boshlandi. Mazkur loyiha hudud markazidagi tirbandliklarni kamaytirish, piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash hamda aholi uchun qulay va zamonaviy shahar muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Shukurullo Mahmudov va Nurafshon shahar hokimi Qobil Hamdamov boshchiligida loyiha qurilishiga rasman start berildi. Tadbirda soha mutaxassislari, nuroniylar, faollar va deputatlar ishtirok etib, muhandislar tomonidan qurilish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Rejaga ko‘ra, uzunligi 44 metr, kengligi 4,5 metr va balandligi 2,5 metr bo‘lgan zamonaviy yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi barpo etiladi. Shuningdek, yaqin vaqt ichida shaharning boshqa hududlarida yana ikkita yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi qurilishi ham boshlanishi maqsad qilingan.
A.Musayev, O‘zA muxbiri