Qog‘ozbozlikdan raqamli boshqaruvga: samaradorlik faqat raqamlarda emas
Bugungi kunda davlat va jamiyat boshqaruvini modernizatsiya qilish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishning yagona va muqobilsiz yo‘li — to‘liq raqamlashtirishdir. Qog‘ozbozlikdan raqamli boshqaruvga o‘tish shunchaki jarayonlarni elektron shaklga o‘tkazish degani emas, balki tizimning shaffofligi, tezkorligi va eng muhimi — xalq roziligini ta’minlash.
Raqamlashtirishning samarasi va raqamli boshqaruv xususida jamoatchi huquqshunos Zulfiya Mamatova quyidagilarni ma’lum qildi:
–Bugun raqamli texnologiyalar davlat boshqaruvining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Elektron xizmatlar ko‘lami kengayib, axborot tizimlari takomillashmoqda, idoralar o‘rtasida ma’lumot almashish imkoniyatlari ortib bormoqda. Bu jarayonlar boshqaruvning tezkorligi va shaffofligini ta’minlash, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda ortiqcha ma’muriy xarajatlarni kamaytirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, raqamlashtirishdan ko‘zlangan maqsadni to‘g‘ri belgilash ham zarur. Zero, hujjatni elektron shaklga o‘tkazish bilan ish jarayonini soddalashtirish bir xil tushuncha emas. Elektron tizim joriy etilgani uning o‘zi avtomatik ravishda vaqt tejalishi yoki mehnat unumdorligi oshishini anglatmaydi. Buning uchun mavjud jarayonlar qayta ko‘rib chiqilishi, takroriy vazifalar qisqartirilishi va axborot tizimlari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi lozim.
An’anaviy ish yuritishda qog‘oz hujjatlar, ma’lumotnomalar va hisobotlar ko‘p vaqt talab qilishi mumkin edi. Raqamli texnologiyalar ushbu jarayonlarni tezlashtirish, ma’lumotlarni saqlash va ulardan qayta foydalanish imkoniyatini yaratdi.
Biroq amaliyotda ayrim ma’lumotlarni bir nechta elektron tizimga kiritish, alohida jadvallar tayyorlash yoki bajarilgan ish natijalarini qo‘shimcha shakllarda taqdim etish zarurati yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlarda raqamli vositalardan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, jarayonning o‘zi yetarlicha soddalashmagan bo‘ladi.
Masalan, muayyan ma’lumot tegishli axborot tizimiga kiritilgan bo‘lsa, uni boshqa tashkilotga yetkazishda idoralararo elektron ma’lumot almashinuvidan foydalanish mumkin. Agar ayni ma’lumot yana boshqa platformaga kiritilsa yoki alohida jadval shaklida taqdim etilsa, qo‘shimcha vaqt va mehnat sarfi yuzaga keladi.
Shu nuqtai nazardan, raqamli boshqaruvda «bir marta kiritish — zarur hollarda qayta foydalanish» tamoyili muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda axborot tizimlari o‘rtasidagi integratsiya, ma’lumotlarning ishonchliligi va ulardan foydalanish vakolatlarining aniq belgilanishi asosiy shartlar hisoblanadi.
Albatta, har bir hisobot yoki tasdiqlash amaliyoti ortiqcha deb qaralmasligi kerak. Ayrim ma’lumotlar nazorat, xavfsizlik, hisobdorlik va qabul qilingan qarorlarni asoslash uchun zarur bo‘ladi. Muhimi, har bir talabning maqsadi aniq bo‘lishi, bir xil ma’lumotni qayta taqdim etish zarurati esa imkon qadar kamaytirilishi lozim.
Raqamlashtirish samaradorligini baholashda ta’lim tizimi alohida e’tiborga loyiq. Elektron jurnallar, ta’lim platformalari va ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda yuritish pedagogik jarayonni tashkil etishga yordam beradi. Ular o‘quvchilarning o‘zlashtirishini kuzatish, ma’lumotlarni tahlil qilish va ta’lim sifatini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Ayni paytda, pedagogning asosiy vazifasi o‘quvchilarga bilim berish, ularning qobiliyatlarini rivojlantirish va ta’lim natijalarini yaxshilashdan iborat. Shu sababli axborot tizimlarini joriy etishda ularning o‘qituvchi mehnatiga ta’siri ham hisobga olinishi zarur.
Agar bir xil ma’lumotlarni turli platformalarga qayta kiritish talab etilsa, bu pedagogning darsga tayyorgarlik ko‘rish va o‘quvchilar bilan ishlash uchun ajratadigan vaqtiga ta’sir qilishi mumkin. Aksincha, ma’lumotlarni avtomatik uzatish, hisobotlarni shakllantirishni soddalashtirish va o‘zaro bog‘liq tizimlardan foydalanish pedagogik faoliyatni samarali tashkil etishga ko‘maklashadi.
Shu bois ta’lim sohasida raqamli yechimlarni baholashda nafaqat texnik imkoniyatlar, balki pedagogning ish yuklamasi, vaqt sarfi va ta’lim jarayoniga qo‘shilayotgan amaliy hissa ham inobatga olinishi maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, xodimlar faoliyatini baholashda raqamli tizimlarga kiritilgan ma’lumotlar bilan bir qatorda, amaliy natijalar ham e’tiborga olinishi lozim. Qancha fuqaro ishga joylashtirildi, qaysi oilalarning daromadi oshdi, qanday tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi va mahalladagi qaysi muammolar hal etildi — bu kabi ko‘rsatkichlar ish samaradorligini mazmunan baholash imkonini beradi.
Demak, raqamli hisobdorlik va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv bir-birini to‘ldirishi, elektron ma’lumotlar esa amaliy qarorlar qabul qilish uchun xizmat qilishi kerak.
Raqamli boshqaruvni yanada takomillashtirish uchun bir nechta tashkiliy va texnologik yondashuv muhim hisoblanadi.
Birinchidan, mavjud jarayonlarni tahlil qilish. Yangi elektron tizimni joriy etishdan oldin ish jarayonidagi bosqichlar, talab etiladigan ma’lumotlar va takroriy vazifalar o‘rganilishi lozim. Bu ortiqcha amallarni aniqlash va ularni qisqartirish imkonini beradi.
Ikkinchidan, axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish. Texnik va huquqiy jihatdan imkoniyat mavjud bo‘lgan hollarda, idoralarda shakllangan ma’lumotlardan belgilangan tartibda qayta foydalanishni ta’minlash kerak. Bu ma’lumotlarni takroran kiritish zaruratini kamaytiradi.
Uchinchidan, hisobot talablarini maqsadga muvofiqlashtirish. Har bir hisobotning boshqaruv qaroriga, nazoratga yoki natijani baholashga qanday hissa qo‘shayotgani ko‘rib chiqilishi zarur. Bir xil mazmundagi hisobotlarni birlashtirish yoki avtomatik shakllantirish imkoniyatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.
To‘rtinchidan, xodimlarning asosiy vazifalariga ustuvorlik berish. Mehnat taqsimoti va javobgarlik doiralari aniq belgilanishi, qo‘shimcha topshiriqlar esa asosiy vazifalarning bajarilishiga nomutanosib ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.
Beshinchidan, raqamlashtirish natijalarini aniq mezonlar asosida baholash. Bunda ma’lumot kiritish va hisobot tayyorlash uchun sarflangan vaqt, xizmat ko‘rsatish muddati, takroriy jarayonlar soni, ma’lumotlar sifati va fuqarolar muammolarining hal etilish darajasi kabi ko‘rsatkichlardan foydalanish mumkin.
Ushbu yondashuvlar raqamli texnologiyalarni shunchaki joriy etishdan ularning amaliy samarasini oshirishga o‘tish imkonini beradi.
Raqamlashtirishning mohiyati qog‘oz hujjatlarni elektron shaklga ko‘chirishdan ko‘ra kengroqdir. U inson mehnatini samarali tashkil etish, boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish va mavjud resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan jarayon.
Zero, samarali raqamli boshqaruv — bu ko‘proq ma’lumot kiritish emas, balki zarur ma’lumotlar asosida kamroq ortiqcha harakat bilan yaxshiroq natijaga erishish.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA