Misrning qishloq xo‘jaligi sohasidagi zamonaviy ilmi endi O‘zbekistonda
Misrlik olim va mutaxassislar O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi loyihalarini o‘rganmoqda. Ular suv resurslarini boshqarish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirib, yangi yechimlar taklif etadi.
Fevral oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Misrga safari chog‘ida qator manfaatli kelishuvlarga erishilgan edi. Endi hamkorlikning navbatdagi amaliy bosqichi O‘zbekistonda davom etmoqda. Misr Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi, Cho‘l tadqiqotlari markazi va Milliy suv tadqiqotlari markazi olimlari hamda soha mutaxassislaridan iborat delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari “O‘zagrostar xolding” muassisligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni joylarda o‘rgandi.

Ular mavjud yer, suv va infratuzilma imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, muayyan loyihalar bo‘yicha amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqmoqda. Shuningdek, xorijlik mutaxassislar ishtirokida qo‘shma loyihalar shakllantirilib, tajriba-sinov ishlari tashkil etiladi.
Misr Cho‘l tadqiqotlari markazi direktori Ahmed Shavki Mohamed Hashad O‘zbekistondagi tashrifidan olgan taassurotlarini shunday izohladi.
— Men bu yerda ijobiy ruhiyat va katta salohiyatga ega mamlakatni ko‘rdim, — deydi u. — Ayni damda Qashqadaryo viloyatiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bu hududda rivojlanish va iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Ko‘rganlarimizdan kelib chiqib aytish mumkinki, mavjud sharoitlarni yaxshilash va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan iqtisodiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun yaxshi imkoniyatlar bor.
Direktor, shuningdek, suv masalasini jiddiy o‘rganish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashrif har tomonlama muvaffaqiyatli bo‘lgan.

Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Misr delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zagrostar xolding” tizimida zamonaviy ilmiy yondashuvlar va texnologiyalarni joriy etish rejalari, xolding faoliyati joriy loyihalari va istiqboldagi rejalari taqdim etildi. Qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida o‘zaro manfaatli tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, Misr Arab Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi 1913-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 16 ta ilmiy-tadqiqot institutni qamrab oladi va 10 ming nafardan ziyod tadqiqotchini birlashtiradi. Markaz olimlari 250 dan ortiq ekin navini Misrning tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirib, hosildorlikni o‘rtacha 15–30 foizga oshirishga erishgan.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA