Har bir xonadondan mas’uliyat talab etadi
Kuz-qish mavsumida aholining elektr energiyasi va tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ortib, isitish uskunalaridan foydalanish jadallashadi. Ayni paytda xavfsizlik qoidalariga amal qilish nafaqat moddiy boyliklarni asrash, balki inson hayotini himoya qilishning ham eng muhim shartiga aylanadi. Chunki oddiy e’tiborsizlik yoki o‘z vaqtida bartaraf etilmagan nosozlik yong‘in, gaz-havo aralashmasining chaqnashi va is gazidan zaharlanish kabi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilish, fuqarolar uchun xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish, mahallalarda profilaktika ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, xonadonlarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Buxoro viloyatida ham mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Ularda gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, isitish uskunalarining texnik holatini tekshirish, dudbo‘ronlarni tozalash va tabiiy gazni tejash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda
Xo‘sh, kuz-qish mavsumini xavf-xatarlarsiz o‘tkazish uchun iste’molchilar nimalarga e’tibor qaratishi lozim? – “Buxoro gaz“ ta’minoti filiali matbuot kotibi Mohigul Abdullayeva bu boradagi muhim tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.

— Gaz ta’minoti xodimlari va tegishli tashkilotlar mas’ullari hamkorligida joylarda profilaktik tadbirlar hamda tushuntirish ishlari davom etmoqda. Isitish mavsumi boshlanishidan avval pechlar, dudbo‘ronlar va gaz jihozlarining texnik holatini tekshirish zarur. Dudbo‘ronlarning toza va sozligi, havo tortish xususiyati talab darajasida ekaniga alohida e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, nosoz yoki qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish moslamalaridan foydalanish mumkin emas. Standart talablariga javob beradigan uskunalarni ishlatishda ishlab chiqaruvchining yo‘riqnomasiga amal qilish, gaz jihozlarini rezina shlanglar orqali o‘zboshimchalik bilan ulamaslik va isitish pechlarini haddan tashqari qizdirib yubormaslik kerak. Tabiiy gaz tarmoqdan uzilgan hollarda barcha gaz uskunalarining jo‘mraklarini berkitish, nosoz gaz plitalari hamda texnik ko‘rikdan o‘tmagan gaz ballonlaridan foydalanmaslik ham muhim talablardan hisoblanadi, — dedi Mohigul Abdullayeva.
Xavfsizlik qoidalariga amal qilish faqat gaz ta’minoti xodimlari yoki mas’ul tashkilotlarning vazifasi emas. Bu — har bir xonadon egasining o‘z hayoti, oila a’zolari va atrofdagilar oldidagi mas’uliyatidir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xonada gaz hidi sezilganda elektr chiroqlarini yoqish yoki o‘chirish, gugurt chaqish va uchqun chiqarishi mumkin bo‘lgan boshqa vositalardan foydalanish qat’iyan mumkin emas. Bunday vaziyatda, xavfsizlikni ta’minlash imkoni bo‘lsa, gaz jo‘mraklarini berkitish, eshik va derazalarni ochib xonani shamollatish, odamlarni xavfsiz joyga olib chiqish hamda zudlik bilan gaz avariya xizmatiga 104 raqami orqali xabar berish zarur. Yong‘in sodir bo‘lganda esa 101 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish lozim.
Eng muhimi, xavfni sezganda uning o‘zi-o‘zidan bartaraf bo‘lishini kutish yoki nosozlikni mustaqil ravishda tuzatishga urinish mumkin emas. Har qanday shubhali holatda mutaxassislarga murojaat qilish inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.

Kuz-qish mavsumida xavfsizlikni ta’minlash borasidagi targ‘ibot ishlari aholining xabardorligini oshirish, ehtimoliy baxtsiz hodisalarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Biroq tushuntirish ishlarining samarasi, eng avvalo, har bir fuqaroning berilgan tavsiyalarga qay darajada amal qilishiga bog‘liq. Zero, nosoz uskunani o‘z vaqtida ta’mirlash, dudbo‘ronni tozalash, gaz jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik va xavfli vaziyatda to‘g‘ri harakat qilish — go‘yoki oddiy ko‘ringani bilan, inson hayotini asrashga xizmat qiladigan muhim choralardir.
Qishni betalafot o‘tkazish faqat tegishli tashkilotlar sa’y-harakatlari bilan emas, balki har bir xonadonda xavfsizlik madaniyatiga qat’iy amal qilinishi bilan ta’minlanadi. Zero, ehtiyotkorlik — o‘z hayotimiz va yaqinlarimiz taqdiriga befarq bo‘lmaslikning eng oddiy, ayni paytda eng muhim ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri