Qishloqda zamonaviy sport koshonasi
Yurtimizda, xususan Namanganda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirishga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik chekka, olis manzillarda ham o‘z samarasini bermoqda.
Chust tumanining tog‘oldi hududi – Bog‘ormos mahallasida joylashgan tuman sport maktabining Karkidon filialida zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan qo‘l jangi sport zali ochildi.

Yangi sport zalida 15×30 metr o‘lchamdagi universal sport maydoni, sportchilar uchun qulay kiyim almashtirish va yordamchi xonalar, yuqori saviyada mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Ushbu loyiha "Tashabbusli byudjet" dasturi doirasida amalga oshirilib, buning uchun 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ sarflandi. Qolaversa, respublika Sport vazirligi tomonidan zal zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi.


Bugungi kunda mazkur sport zalida yuzdan ziyod yoshlar muntazam shug‘ullanib, qo‘l jangi sporti bo‘yicha o‘z mahoratini oshirish uchun imkoniyatlar mujassam.
Sport koshonasining tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Toshmatov, Sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti Sergey Astaxov qatnashib, chustliklarni yangi majmua bilan qutladi. Mehmonlar yangi sport inshooti bilan yaqindan tanishdi.

Bunday maskanlar sport infratuzilmasini kengaytirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, jismonan chiniqqan vatanparvar avlodni kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri