Qishloq xo‘jaligi: hosilni nes-nobud qilmay yig‘ib olish kunning dolzarb masalasi
Yerga urug‘ qadashdan tortib, hosilni yig‘ib-terib olishgacha bo‘lgan har bir bosqich dehqonning mashaqqati, ob-havo sharoiti va agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi bilan chambarchas bog‘liq.
Ayni paytda dalalarda yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmay yig‘ib olish, uning sifati va samaradorligini ta’minlash muhim vazifaga aylanmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida agrar sohada joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusi yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda dastlab joriy yilda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, paxta yetishtirish va hosilni yig‘ib-terib olish jarayonlari tahlil qilindi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash hamda kelgusi yilgi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalar davomida agrar sohada erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, mavjud tajriba va imkoniyatlar asosida ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda qishloq xo‘jaligining iqtisodiy samaradorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan, 2027-yilgi paxta ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, ekish va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish mexanizmlarini takomillashtirish, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, mos va yuqori hosildor navlarni tanlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Kelgusi mavsum uchun aniq rejalarni ishlab chiqish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va hosildorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan tegishli yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda agrar sohada qo‘shimcha qiymat yaratish, yetishtirilayotgan mahsulotlarni chuqur qayta ishlash, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlarini rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, qishloq joylarda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholining daromad manbalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Agrar ishlab chiqarish va unga bog‘liq tarmoqlarda mavjud imkoniyatlarni ishga solish, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, bandlikni oshirishga xizmat qiladigan yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi yil uchun rejalar aniq belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi. Asosiy e’tibor joriy yil natijalarini chuqur tahlil qilish, kelgusi mavsumni puxta rejalashtirish, hududlarga mos ekin navlarini tanlash, qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyatlarini kengaytirish, aholi bandligini ta’minlash hamda agrar sohaning istiqbolli yo‘nalishlarini izchil rivojlantirishga qaratildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA