Qish tayyorgarlikni yaxshi ko‘radi
Qish fasli eshik qoqqanda emas, uning sovug‘i hali sezilmay turgan paytda tayyorgarlik ko‘rish — eng to‘g‘ri qaror. Ayniqsa, minglab xonadonlar taqdiri, ularning issiqligi va xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarda har bir kun, har bir kilometr quvur, har bir gaz jihozi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun Buxoro viloyatida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi xonadonlarini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar zamirida davlat rahbarining aholi farovonligi, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish va qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga qaratilgan tashabbus va topshiriqlari mujassam. Zero, aholi xonadonlarida qishning sovug‘i emas, issiqlik va xotirjamlik ustun bo‘lishi kerak.
Bugun “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali oldida turgan asosiy vazifalardan biri — kuz-qish mavsumida iste’molchilarni gaz bilan uzluksiz va xavfsiz ta’minlash.
Viloyatda 165 mingdan ortiq suyultirilgan gaz, 320 mingga yaqin tabiiy gaz iste’molchisi mavjud. Bu raqamlar ortida yuz minglab oilalar, xonadonlar va insonlarning kundalik hayoti, issiqligi va xotirjamligi turibdi. Shu bois mavsumga tayyorgarlik oddiy texnik ish emas. Bu — aholi xavfsizligi va farovonligini ta’minlashga qaratilgan ulkan mas’uliyat.
Joriy yilda rejaga muvofiq 130 kilometr gaz quvurini rekonstruksiya qilish belgilangan. Bugunga qadar 85 kilometrdan ortiq tarmoq modernizatsiya qilindi.
Shuningdek, 96 kilometr gaz quvuri estetik jihatdan tartibga keltirildi, 11 ta gaz maromlash qurilmasi mukammal ta’mirlandi, qariyb 3 mingta qurilma taftishdan o‘tkazildi. Bularning har biri qish faslida gaz ta’minotida uzilishlar va texnik nosozliklarning oldini olishga qaratilgan muhim choralardir.
Energiya resurslaridan samarali va xavfsiz foydalanishda gaz ta’minoti tizimining zamonaviy talablarga mosligi alohida ahamiyatga ega. Shu maqsadda viloyatda 21 mingdan ortiq iste’molchining tabiiy gaz ta’minoti ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi. Bu nafaqat gaz ta’minoti barqarorligini oshirish, balki tarmoqdagi bosimni me’yorda ushlab turish, energiya resurslaridan samarali foydalanish va aholi uchun yanada xavfsiz sharoit yaratishga xizmat qiladi. Muhimi, bu ishlar qish kelgach muammoni bartaraf etish uchun emas, muammo yuzaga kelmasligi uchun oldindan amalga oshirilmoqda.
Gaz to‘ldirish shoxobchalarida suyultirilgan gazni o‘z vaqtida qabul qilish, saqlash va iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha amaliy ishlar izchil yo‘lga qo‘yilgan.
Erta tongdan ish boshlaydigan xodimlar xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda gaz ballonlarini qabul qilish, tekshirish va aholiga yetkazib berish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Joriy yil boshidan buyon 13 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchilarga tarqatildi. Bunda yana bir muhim jihatga alohida e’tibor qaratilmoqda: gaz ballonlari texnik sinovdan o‘tkazilib, xavfsizligi ta’minlanganidan so‘ng iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Chunki gaz ta’minotida asosiy mezon faqat uzluksizlik emas. Xavfsizlik — birinchi o‘rinda.
Qish mavsumida energiya resurslariga bo‘lgan talab keskin oshadi. Shuning uchun gazdan oqilona va tejamkor foydalanish ham mavsumga tayyorgarlikning muhim qismidir. Bu borada aholi o‘rtasida muntazam targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Xonadonlarda energotejamkor gaz jihozlaridan foydalanish, tabiiy gazni isrof qilmaslik, gaz uskunalaridan xavfsiz foydalanish va texnik talablarga amal qilish bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.
Yil boshidan buyon viloyatda 19 mingta energotejamkor gaz jihozi o‘rnatildi. Bu raqamning o‘ziyoq energiya tejamkorligi masalasi endi oddiy targ‘ibot emas, balki amaliy harakatga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning haqiqiy samarasi sovuq kunlar boshlanganda bilinadi. Ammo uning poydevori aynan bugun qo‘yiladi. Bugun yangilanayotgan har bir quvur, tekshirilayotgan har bir gaz qurilmasi, sinovdan o‘tkazilayotgan har bir ballon va o‘rnatilayotgan har bir energotejamkor jihoz — ertangi kun xotirjamligining kafolatidir.

Shu ma’noda “Hududgaz Buxoro” tizimida olib borilayotgan ishlar faqat texnik ko‘rsatkichlar bilan o‘lchanmaydi. Ularning ortida yuz minglab xonadonlarning qishda issiq xonadonda, xotirjam va xavfsiz hayot kechirishi turibdi.
Davlat rahbari tomonidan aholi farovonligini ta’minlash, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mavsumiy tayyorgarlikni kuchaytirish va energiya resurslaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki mamlakat taraqqiyoti haqidagi katta maqsadlar, avvalo, oddiy xonadondagi xotirjamlikdan boshlanadi.
Qishda xonadonda chiroq yonishi, xona issiq bo‘lishi, gaz o‘z vaqtida yetib borishi — odamlar uchun oddiydek tuyulishi mumkin. Ammo ana shu oddiylik ortida minglab mutaxassislarning kechayu kunduzgi mehnati, yuzlab texnik tadbirlar va katta mas’uliyat mujassam. Shu bois bugungi tayyorgarlikning bosh maqsadi bitta: qish kelganda muammoni izlash emas, muammoning oldini olish, sovuq kelganda chora ko‘rish emas, sovuqdan avval tayyor turish kerak bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri