Qish sinovlariga tayyorgarlik kuchaytirildi
Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida energiya qurilmalarining barqaror ishlashini ta’minlash, ob’ekt xavfsizligi va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish maqsadida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri — Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining buyrug‘iga muvofiq tashkil etilgan tadbirda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda stansiya mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Dastlab favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etiladigan kuch va vositalarning shayligi ko‘rib chiqildi. Yig‘ma otryad saf ko‘rigidan o‘tkazilib, xizmatlarning texnik jihozlanganlik holati, maxsus texnika va uskunalarning ishga tayyorligi o‘rganildi.

Shundan so‘ng stansiya hududida shartli favqulodda vaziyatlar ssenariylari asosida maxsus-taktik mashqlar o‘tkazildi. Amaliy mashg‘ulotlarda 194 nafar ishchi-xodim va 25 ta maxsus texnika ishtirok etdi.

Mashqlar davomida shartli avariya holatida xodimlarning harakatlanishi, kuch va vositalarni belgilangan hududlarga tezkor safarbar etish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf qilish hamda ob’ektda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha vazifalar bajarildi.


— Bugungi o‘quv mashg‘uloti favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tezkor va hamjihat harakat qilish bo‘yicha tayyorgarligimizni sinovdan o‘tkazdi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida elektr stansiyasining barqaror va xavfsiz ishlashi muhim. Shu bois xodimlarning favqulodda holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishi, kuch va vositalarni tezkor safarbar etishi hamda o‘zaro hamkorlikda harakatlanishi muntazam mashq qilib borilishi zarur. Bunday tadbirlar mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etishga ham yordam beradi, — deydi Sirdaryo IES filiali (OFVB) ob’ektlarida favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Adhamjon Rustamov.

O‘quv mashg‘uloti jarayonida stansiyaning 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham baholandi. Xodimlarning favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilishi, belgilangan vazifalarni bajarishi va turli xizmatlar bilan hamkorlikda harakat qilishi amalda sinovdan o‘tkazildi.

Tadbir yakunida mashg‘ulot davomida aniqlangan holatlar tahlil qilinib, mavsumni barqaror o‘tkazish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish va favqulodda vaziyatlarga shaylikni yanada oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.


Mazkur amaliy mashg‘ulot Sirdaryo IESda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoni uzluksizligini ta’minlash bilan bir qatorda, ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga tayyor turish va ularning oqibatlarini tezkor bartaraf etish ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri