Qirg‘iziston Terrorizmga qarshi kurash markazi vakolati kengaytirildi
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) tarkibidagi Terrorizmga qarshi kurash markazini tartibga soluvchi nizomga o‘zgarish kiritib, tuzilmaning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash yo‘lidagi vazifasini sezilarli darajada kengaytirdi.
Qarorga ko‘ra, markaz endi tegishli jinoyatni aniqlash, salbiy holatlarning oldini olish va muammoga qarshi kurashish, shuningdek o‘zaro hamkorlikni ta’minlash maqsadida davlat idoralari harakatini muvofiqlashtiradi. Shuningdek, mustaqil ravishda razvedka va tergov amaliyoti o‘tkazish huquqiga ega.
Yangi majburiyat sifatida terror va boshqa turdagi jinoiy faoliyatni bostirish uchun maxsus amaliyot tashkil qilish, gumondorga nisbatan qonunda belgilangan chorani ko‘rish yoki vaqtincha cheklov qo‘llash ham belgilandi.
O‘zgarish agentlik tuzilmasiga ham ta’sir ko‘rsatdi: endi direktorning birinchi o‘rinbosari va yana uch o‘rinbosari bo‘ladi. MXDQ xodimlari soni esa o‘zgarishsiz qoladi. Qaror 10 kundan keyin kuchga kiradi.
S.Rahimov, O‘zA