Qidiruvdagi “Jentra” avtomashinasi topildi
Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi Qidiruv bo‘limi tomonidan 91 ta ijro hujjati bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan fuqaroning qidiruvdagi “Jentra” rusumli avtomashinasi aniqlanib, ushlandi. Transport vositasi belgilangan tartibda jarima maydoniga joylashtirildi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari ijro hujjatlarida belgilangan majburiyatlarni ta’minlash maqsadida o‘tkazildi. Tadbirlar davomida aniqlangan avtomashinaga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur avtomashina egasining 91 ta ijro hujjati bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lib, ularning umumiy miqdori 50 million 800 ming so‘mni tashkil etadi.
Hozirda transport vositasini belgilangan tartibda baholash va auksion savdosiga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Auksiondan tushgan mablag‘larni qonunchilikda belgilangan tartibda ijro hujjatlarida ko‘rsatilgan majburiyatlarni qoplashga yo‘naltirish nazarda tutilgan.
Qidiruv tadbirlarining samarali tashkil etilishi ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash, qarzdorliklarni undirish va qonuniy talablarning amalda bajarilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
– Fuqarolar sud va boshqa vakolatli organlar tomonidan qabul qilingan hujjatlarda belgilangan majburiyatlarni o‘z vaqtida va ixtiyoriy ravishda bajarishlari zarur. Aks holda, qonunchilikda nazarda tutilgan majburiy ijro choralari qo‘llanilishi mumkin. Shu bois har bir qarzdor o‘z majburiyatini o‘z vaqtida bajarishi, bu orqali ortiqcha ovoragarchilik va qo‘shimcha ijro choralarining oldini olishi lozim, – deydi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi Qidiruv bo‘limi xodimi Shavkat Sarkayev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri