Qarshida “Odil sudlov – 2030” strategiyasi mazmun-mohiyati tushuntirildi
Qarshi shahrida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, “Odil sudlov – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi raisi B.Diyorov tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filialida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Shuningdek, 2026-yil 21-apreldagi “Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1141-sonli qonuni bilan kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda sud raisi yangi hujjatlarda belgilangan vazifalar, ularning fuqarolar va tadbirkorlar uchun ahamiyati haqida so‘z yuritib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Ta’kidlanganidek, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi doirasida sud qarorlarining bir xilligini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Jumladan, 2027-yil 1-avgustdan Oliy sud Rayosati muayyan ishlar bo‘yicha qabul qilgan qarorlarni “Pretsedentlar reyestri”ga kiritish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. O‘xshash nizolarni ko‘rib chiqishda quyi sudlar ushbu reyestrdagi qarorlarga tayanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, 2027-yil 1-iyuldan respublikada beshta hududlararo taftish sudi tashkil etiladi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo hududlarida faoliyat yuritadi. Yangi tizim quyi sudlar qarorlarini taftish tartibida mustaqil sudlar tomonidan qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.

Strategiyada sud xizmatlarini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. “Raqamli sud” konsepsiyasi doirasida sudlarga ariza va da’volarni elektron shaklda taqdim etish, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish, davlat bojlarini onlayn hisoblash va to‘lash kabi imkoniyatlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sud majlislari bayonnomalarini ovozni matnga avtomatik aylantirish texnologiyasi asosida shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda O‘RQ-1141-sonli qonun bilan hakamlik sudlari faoliyatiga kiritilgan o‘zgartishlar ham tushuntirildi. Unga ko‘ra, yer, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilash, shuningdek, byudjet mablag‘lari, davlat organlari va tashkilotlari, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda mahalla organlaridan pul mablag‘larini undirish bilan bog‘liq ayrim nizolarni hakamlik sudlarida ko‘rib chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun bilan davlat xaridlari sohasida ham qator yangi talablar belgilangan. Xususan, davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalarni tegishli g‘aznachilik bo‘linmasida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy etib belgilangan. Shuningdek, nizoni meditatsiya tartibida hal qilishda qatnashgan mediatorning keyinchalik shu nizo bo‘yicha sudda vakil sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, sud-huquq sohasidagi yangiliklarni aholiga keng tushuntirish muhimligi qayd etildi.
Shu kuni tibbiyot markazi binosida fuqarolar uchun qulaylik yaratish va sud muhokamalarining ochiqligini ta’minlash maqsadida ochiq sayyor sud majlisi ham o‘tkazildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri