Lutfiy ko‘chasida alohida yo‘lak sinovdan o‘tkazilmoqda
Shaharda harakatlanish tartibi tobora o‘zgarib bormoqda. Ayni paytda poytaxtimiz ko‘chalarida avtomobillar bilan bir qatorda velosiped, elektr samokat, elektr skuter va boshqa mikroharakatlanish vositalari ham ko‘paymoqda. Yetkazib berish xizmatlarining rivojlanishi va kundalik qatnovlar uchun tartibli hamda qulay transportni tanlaydigan shahar aholisi soni ortishi bilan bunday transport vositalari yanada ommalashmoqda.
Shu bilan birga, ular aynan qaysi yo‘ldan yurishi kerak, degan haqli savol tug‘iladi.
Agar velosipedchi yoki elektr samokat foydalanuvchisi qatnov qismiga chiqib qolsa, u tezligi va o‘lchamlari mutlaqo boshqacha bo‘lgan avtomobillar oqimida harakatlanishiga to‘g‘ri keladi. Piyodalar yo‘lagidan yurganda esa, o‘z navbatida, piyodalarga xalaqit beradi. Natijada bir shahar maydonini har xil tezlikdagi va turli vazifalarni bajaradigan harakat qatnashchilari bo‘lishiga to‘g‘ri keladi, bu esa noqulayliklarni keltirib chiqaradi.
Shu sababli har bir harakat turi uchun alohida maydon ajratish va oqimlarni bo‘lish masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday yondashuvni Lutfiy ko‘chasida amaliyotda sinab ko‘rishga qaror qilindi. Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi sinov tariqasida bu yerda uzunligi 2,4 kilometr bo‘lgan mikroharakatlanish yo‘lagini tashkil etdi. Alohida yo‘lak velosiped, elektr samokat, elektr skuter va boshqa mikroharakatlanish vositalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularni umumiy avtomobillar oqimidan chiqarish va ayni paytda piyodalar yo‘lagiga qo‘shimcha yuklama tushirmaslik imkonini beradi.
Sinov yakunlariga ko‘ra, yangi format ijobiy natija ko‘rsatdi. Foydalanuvchilar uchun bu yechim tushunarli va qulay bo‘ldi, mutaxassislar esa bu kabi infratuzilmani bevosita shahar ko‘chalari sharoitida ishlashini baholash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, Lutfiy ko‘chasidagi tajriba tizimni yanada rivojlantirish uchun amaliy bosqich sifatida ko‘rilmoqda. Kelgusi loyihalarda mikroharakatlanish yo‘laklarining jismoniy himoyasiga yanada ko‘proq e’tibor qaratish rejalashtirilmoqda. Muayyan yo‘lning xususiyatlaridan kelib chiqib, ajratilgan maydon avtomobillar oqimidan maxsus deliniator, ajratuvchi konstruksiya va boshqa himoya elementlari bilan ajratilishi mumkin.
Bunday ajratish shunchaki yo‘lak chegaralarini belgilabgina qolmay, ularni yanada ko‘rinarli va xavfsiz qiladi hamda velosipedchilar va boshqa mikroharakatlanish vositalari foydalanuvchilarining avtomobillar bilan kesishish ehtimolini kamaytiradi.
Oxir-oqibat, gap shahar ko‘chalarini to‘g‘ri tashkil etish haqida bormoqda: avtomobillar o‘z yo‘nalishida harakatlanadi, piyodalar yo‘lagida erkin va qulay maydon saqlab qolinadi, velosiped, samokat va boshqa mikrotransport foydalanuvchilari esa harakatlanish uchun alohida yo‘lga ega bo‘ladi.
Markaz mutaxassislari bu kabi yechimlar uchun yangi hududlarni tanlashda aynan shu tamoyilni hisobga olishni rejalashtirmoqda. Lutfiy ko‘chasidagi sinov natijalari asosida poytaxtning boshqa ko‘chalari ham o‘rganilib, yo‘l sharoitlarini hisobga olgan holda alohida yo‘lak tashkil etilishi mumkin. Shu tariqa, shaharning bir hududidagi kichik tajriba yanada keng qamrovli vazifaning – turli transport turlari bir maydon uchun kurashmaydigan, balki aniq va xavfsiz yo‘nalishlarga ega bo‘ladigan infratuzilmani asta-sekin shakllantirishning bir qismiga aylanadi.
Lutfiy ko‘chasi tajribasi bu ma’noda Toshkentda mikroharakatlanishni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘lishi mumkin. Bunday yechimlar ko‘chalarni shahar hayotining barcha ishtirokchilari uchun qulay, tartibli va xavfsiz qilish imkonini beradi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA