«Do‘stlik» kanali betonlashtirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Sirdaryo viloyatida aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, shahar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan loyihalar doirasida «Do‘stlik» magistral kanalining Guliston shahri hududidan o‘tgan 3,4 kilometr qismi betonlanmoqda.
«Do‘stlik» kanali shahar hududidan o‘tishi bilan birga, yillar davomida suvning yerga sizishi bilan bog‘liq ayrim muammolarni ham keltirib chiqargan. Jumladan, kanal o‘zanidan sizib chiqqan suv natijasida sizot suvlari sathining ko‘tarilishi, ayrim hududlarda botqoqlanish jarayonlari yuzaga kelishi va yerlarning meliorativ holati yomonlashishi kuzatilgan.
[gallery-31568]
Mazkur loyiha ana shu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Kanalning 3,4 kilometr qismi betonlanishi natijasida suvning yerga sizib ketishi kamayadi va kanal bo‘ylab suv oqimi yaxshilanadi. Bu Guliston shahri hududida sizot suvlari sathini pasaytirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda botqoqlanishning oldini olishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshiriladi. Xususan, 290 ming kub metr tuproq qazish, 140 ming kub metr tosh terish, 480 ming kvadrat metr geomembrana yotqizish, 622 tonna armatura o‘rnatish hamda 22,2 ming kub metr beton quyish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kanal atrofini obodonlashtirish ishlari ham ko‘zda tutilgan. Kanalning quyi qismida uzunligi 5,62 kilometr bo‘lgan asfalt-beton qoplama yotqiziladi, 1,02 kilometrlik piyodalar yo‘lagi barpo etiladi. Hududga himoya panjaralari va tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi.
Ayni paytda ob’ektda 400 nafar ishchi-mutaxassis va 50 ta maxsus texnika ishlamoqda.
«Do‘stlik» kanalida amalga oshirilayotgan ishlar suv resurslaridan samarali foydalanish bilan bir qatorda, Guliston shahri hududini obodonlashtirish, aholi uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishga ham xizmat qiladi.
Loyihani yil yakuniga qadar to‘liq yakunlash rejalashtirilgan. Ishlar yakuniga yetgach, kanal bo‘yi obod va zamonaviy hududga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Umid OBIDJONOV(surat),O‘zA