Qamashida "Dolzarb 40 kunlik" doirasida obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 21-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab, ayniqsa, 2 mingta eng og‘ir mahallada aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish hamda infratuzilma muammolarini bartaraf etishga qaratilgan "Dolzarb 40 kunlik" tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida Qashqadaryo viloyatining shahar va tumanlarida ham keng ko‘lamli ishlar tashkil etilgan. Jumladan, Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Eshmatov rahbarligida Qamashi tumanidagi “Quyi Yangi” mahalla fuqarolar yig‘inida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Dastlab mahallaning ichki ko‘chalari ko‘zdan kechirilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar aniq belgilab olindi.

Shuningdek, har bir xonadonga kirilib, aholi bilan suhbatlar o‘tkazildi, hududlarni obodonlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash va xonadonlar atrofini tartibga keltirish bo‘yicha tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

Tadbirlar davomida ko‘chalar chiqindilardan tozalanmoqda, begona o‘tlar o‘rilmoqda, daraxtlarga shakl berilib, oqlanmoqda, ta’mirtalab devorlar tiklanib, ariqlar tozalanib, yo‘l yoqalari tekislanmoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida shu kunga qadar mahalladagi 12 ta ko‘chada joylashgan 136 ta xonadonda ta’mirlash ishlari bajarildi. Ming kvadrat metrdan ortiq devor hamda 283 tup daraxt oqlandi. Shuningdek, 6 ta savdo ob’ektida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, qariyb ming kvadrat metr hududda yerlar tekislandi hamda 5 ta eski va foydalanishga yaroqsiz bino-inshoot buzib tashlandi.

Bu kabi ezgu sa’y-harakatlar mahalla aholisi tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olinmoqda.
– Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi rahbari boshchiligida mahallamizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil olib borilmoqda. Ko‘chalarimiz tartibga keltirilmoqda, xonadonlar atrofi obod bo‘layapti. Bu o‘zgarishlardan mahallamiz ahli mamnun. Muhimi, eng chekka mahallalarga ham bunday e’tibor qaratilayotgani barchamizga katta ruh bag‘ishlaydi. Buning uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorchilik bildiramiz, – deydi mahalla nuroniysi Shermat Chorshanbiyev.

Mas’ullarning ta’kidlashicha, “Dolzarb 40 kunlik” doirasidagi bunday tadbirlar mahallalarning qiyofasini yanada yaxshilash, aholi uchun munosib yashash muhitini yaratish va hududlardagi mavjud muammolarni qisqa muddatda bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri