Qalbi qog‘ozdek oppoq... “millioner yozuvchi”
«O‘tkir Hoshimov olamdan o‘tibdi…»
2013-yil 24-may tongida bu xabarni eshitdim-u, ko‘ksimdan bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. Nahotki?! Professor Umarali Normatov iborasi bilan aytganda “hech qachon yolg‘on gap aytmagan, mustabid mafkura, siyosat nog‘orasiga o‘ynab vijdonini sotmagan, murosasozlik yo‘liga kirmagan” yozuvchidan ayrilsak? Axir butun hayotini inson taqdiri va qalbining badiiy tahlillariga bag‘ishlagan yozuvchi ham o‘ladimi? “Ikki eshik orasi”ning dovrug‘ini qo‘ya turaylik, birgina “Dunyoning ishlari” bilan millonlab kitobxonlarning qalbini zabt etgan, o‘zbek onasiga tirik haykal qo‘ygan, asar ta’sirida qashqadaryolik bir ayol “Mabodo umringning qolgan qismini birovga berishga rozimisan?” desa “shu yigitga berishga tayyorman” degan, Toshkentda ishlayotgan bir amerikalik xonim qissani o‘qib, onasini sog‘inib, Amerikaga qaytib ketib qolgan, shunday ta’sirchan asarlarni yaratgan ijodkor ham hayotdan ko‘z yumadimi? Yo‘q, yo‘q, ishonmayman!!!
Ichimdagi dard ko‘zlarimdan yosh bo‘lib quyila boshladi. Ming vovaylokim, bu haqiqat edi… O‘shanda birdan ko‘z oldimda yosh ijodkorlarni qo‘llashni yaxshi ko‘radigan Ustoz bilan kechgan ilk uchrashuvim o‘tdi…
2009-yilning 22-mayi… Juma. Havo issiq. Metroning «Amir Temur xiyoboni» bekatidan chiqib, «O‘zbekiston» mehmonxonasini qora tortib ketayapman. Shaharni bilmayman ham. Qo‘limda ikkita yelimxalta. Biri to‘la qog‘oz, birida ikki dona Samarqand noni. Havoning issig‘i, poytaxtning dim havosi bir, ichimdagi harorat, yuragimdagi hayajon bir… Axir men o‘sha saodatmand kunda bolaligimdan asarlarini sevib o‘qigan, «Gilam paypoq»dagi qorda isitmasi ko‘tarilgan bolasini opichlab ketayotgan Ona, umuman, «Dunyoning ishlari»dagi Onani o‘z onamdek ko‘rgan, bola qalbim bilan o‘sha munis Ona quchog‘ida uxlagan, o‘sha mushfiq Onadan allalar eshitgandek shodmon bo‘lgan, o‘sha mehribon Onaning qo‘lidan popukqandlar olgan, ko‘chada bolalar bilan o‘ynab kelsam, o‘sha mushtipar Onaday o‘z onamdan «Ha, bolang ko‘paygur-a, yana ust-boshingni rasvo qilib kelibsan-ku?» degan dakkilarni eshitgan va «O‘tkir Hoshimov mening onamni yozibdi-ye», deb yurgan, «Ikki eshik orasi»dagi Umar zakunchidan nafratlanib, Muzaffar bilan Munavvarning sevgisidan hayajonga tushgan, ular bilan birga xayolan bir necha bor Bo‘rijarga borgan… keyin «Dehqonning bir kuni»ni, so‘ng «Dehqonning bir tuni»ni o‘qib, «Ie, bu Muyassar o‘zimning yangam-ku (tasodifni qarang, yangamning ismi ham Muyassar)?» degan, Muyassarning turmush o‘rtog‘i Alijonni o‘z akamga, qishloqdoshlarimga o‘xshatib, «O‘zbeklar» hikoyasida Otinoyining azasini o‘qiy turib yig‘lab yuborgan… va shunday asarlarni yozgan, asarlarida mening Onajonimni tasvirlagan odam bilan bir uchrashishni, u kishi bilan yuzma-yuz bo‘lib, ikki og‘iz so‘zlarini tinglasam, dunyodagi armonsiz insonlar qatoriga kirishimni o‘ylab, ming bir hayajon bilan boryapman… Axir o‘zlari taklif qilgan! Qo‘liga qalam tutib, dardi-dunyosini qog‘ozga qoralayotgan havasmand borki, kimnidir g‘oyibona ustoz deb biladi.
2009-yil 22-may men uchun xayollarim hayotga ko‘chgan kun edi. Hayajonga burkanib, qalbim ajib bir hislarga to‘lgan va yuragim qafasini yorgudek bo‘lgan kun edi. Balki «Teatr» jurnali (hozirgi “Nuroniy” jamg‘armasi) binosini ko‘rib turib, bino o‘ralgan panjara yonida turib, u yerga qanday kirishni bilmasdan darvozani topolmay qolganim sababi ham shundandir... Bu bir qarashda kulgili, bir qarashda yoqimli edi. Axir men g‘oyibona ustozim bilan uchrashish arafasida edim…
Darvozadan kirdim-u, binoga olib kiruvchi zinaga chiqib, «O‘tkir Hoshimovning xonasi qaysi?» deb so‘raganim hozirgiday yodimda. Ne tongki, shundoq «Bosh muharrir O‘tkir Hoshimov» degan yorliq yopishtirilgan eshik yonida turgan ekanman. Tor yo‘lakdagi bir qiz u kishi «o‘zlarida» ekanligi, yonida hech kim yo‘qligini aytgach, yurak yutib, eshik chertdim. «Tiq-tiq». Bu eshik ovozimi, yurak sasi edimi, hozir ham bilmayman. «Kiring…» Ovoz juda olisdan kelayotgandek edi. Tasavvurimda hozir… juda katta xonaga kiraman va xona to‘rida savlat to‘kib o‘tirgan odamga ro‘baro‘ kelaman.
- As-assalomu alaykum!
- Vaalaykum assalom. Keling.
Yo‘q, men juda katta xonaga kirmadim, juda katta stol to‘rida savlat to‘kib o‘tirgan odamni ham ko‘rmadim. Kichkinagina xona, «T» shaklidagi ish stoli va u yerda qog‘ozlarga ko‘milib o‘tirgan, o‘rta bo‘yli, ko‘zlari tiyrak, kulcha yuzidan nur yog‘ilib, mayin tabassumi qalbingizga allaqanday bir huzurbaxsh hislarni solib qo‘yguvchi inson – o‘sha… «Dunyoning ishlari»dagi Onaning o‘g‘li, o‘sha Onaning tarbiyasini olgan va o‘sha Onadan odamiylikni, samimiylikni, bag‘rikenglikni yuqtirgan O‘tkir Hoshimov o‘tirar edi.
- Xush kelibsiz… - Shunday deya qo‘l uzatib so‘rashdi. «O‘tiring», deya joy ko‘rsatdi.
Men shosha-pisha ism-sharifim, asli qayerlik ekanim, Samarqanddan kelganim, «Bekajon» gazetasida ishlashim haqida aytdim. U kishining yuziga tabassum yoyildi.
- «Bekajon»ni yaxshi ko‘raman. Mening anuv ikkita – «Andisha» bilan «Globallashuv va milliy qadriyatlar» maqolamni berdinglar-ku, shundan keyin menga ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Juda xursand bo‘ldim. Gazetalaringizni hamma yaxshi ko‘rib o‘qiydi.
- Ha, redaksiyagayam ko‘p xatlar keldi. Yana, sizning ko‘p hikoyalaringizni ham berganmiz, ularga ham ko‘p xatlar kelgan… - gapirayapman-u, titrab ketyapman.
- Ha, rahmat. Muxlislar omon bo‘lishsin. Men ham «Bekajon»da chiqqan hikoyalarni o‘qiyman. Sizning narsalaringizdan ham o‘qiganman. Ayniqsa, «Jiyron» juda yoqqandi.
U kishi gapirayaptilar, men esa og‘izlariga qarab qolganman. Hayajonlanayotganimni bildilar, shekilli, o‘zlari vaziyatdan chiqardilar.
- Hikoyalardan ham olib keldingizmi?
- Ha…- shatir-shutur qilib yelimxaltadan qog‘ozlarni olib, titrabgina uzatdim.
- Men bularni o‘qiyman, keyin sizga javobini yetkazaman, - dedi.
O‘sha kezlarda ustoz «A’lo kayfiyat» jurnalida bosh muharrir ham edilar. Bir muddat ushbu jurnalda birga ishlash nasib etgan.
- Xo‘p. Rahmat...
Ichim to‘la gap, so‘ramoqchi bo‘lgan narsalarim ko‘p, ammo u kishining vaqtlarini olib o‘tirishga iymandim. Qaytmoqchi ekanligimni aytdim. U kishi «Xo‘p, yaxshi kunlarda uchrashaylik» dedilar. Men xonadan qanday chiqdim, bilmayman. Bilganim juda baxtiyor, qushday yengil edim. O‘sha kuni qanday Samarqandga qaytganimni ham bilmayman. Quvonganingda vaqt ham ahamiyatini yo‘qotar ekan…
Men endi o‘sha ustoz aytgan «yaxshi kun»ni kutardim. Ammo ichimda bir g‘ulg‘ula bor edi. «Jiyron” yoqqani bilan boshqalari ma’qul bo‘lmasa-chi?» Bu savol endi kunu tun qiynardi. Biroq oradan ikki hafta o‘tib, o‘sha «yaxshi kun» keldi - Toshkentdagi ofisimizdan quvonchli xabar oldim: «Hikoyalaringiz O‘tkir akaga ma’qul kepti. Siz haqingizda yaxshi gaplarni aytdilar. Agar kitob chiqarsangiz, o‘zlari so‘zboshi yozib, kitobingizni ko‘rib berarkanlar!»
Bundan ortiq baxt bormi? Ustoz u yoq-bu yog‘iga qalam tekkizib, o‘zlariga yoqqan joylariga yonidan katta undov belgisini qo‘yib, tagidan imzo chekib berib yuborgan qog‘ozlarni qo‘ldan qo‘ymay, endi «kitob qilsam, kiritaman» degan hikoyalarni boshidan qo‘yib, o‘zimcha kitobga tartib berdim va oradan ancha vaqt o‘tib, yana ustozning huzuriga bordim.
Ikkinchi suhbatimiz yanada ochiq, yanada samimiy bo‘ldi. Birinchi galdagi «siz» «sen»ga almashdi. Bu o‘ziga yaqin olganidan, deb quvondim. O‘sha kuni bugungi adabiyot, yaratilayotgan asarlar, hikoyachilikda nimalarga e’tibor berish kerak, yoshlar qayerda xato qilayotganliklari haqida ancha suhbatlashdik. Hikoyada nimalarga ko‘proq e’tibor berishni, nimalardan uzoqroq bo‘lishni tushuntirdilar.
- Senda «qishloqning qalbi» bor. Shuni yo‘qotmagin, bu ijodkor uchun juda muhim.
Keyin topdim. Bu «Daftar hoshiyasidagi bitiklar»ga kiritilgan «Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak!» iborasi ekan.
Oradan ikki oycha vaqt o‘tib, ustoz chaqirtirdilar. Borsam, kitobim qoralamasini o‘qib, yaxshi-yomonini ajratib, yana avvalgidek o‘ziga yoqqan joylariga katta undov qo‘yib, so‘zboshi ham yozib qo‘yibdilar. Ilk kitobim – «Oy botmagan kechalar» shu tarzda dunyo yuzini ko‘rdi. Keyin yillar davomida “Qanotsiz qushlar”, “Nomus va hayot”, “Onamning yolg‘onlari” kabi kitoblarim chop etildi. Afsus, ustoz ularni ko‘rolmadilar... Bag‘rikeng, sofdil, samimiy va doim yoshlarni qo‘llab-quvvatlagan, xalqimiz muhabbatini qozongan Ustozning e’tiboriga tushib, e’tirofiga sazovor bo‘lganlar ko‘p. Hamma gap shunga loyiq bo‘lishda!
O‘tkir Hoshimov ijodining mag‘zi, salkam ellik-oltmish yillik hayotiy kuzatuvlari, xulosalari o‘laroq yuzaga kelgan «Daftar hoshiyasidagi bitiklar»da shunday satrlar bor: «Qog‘oz oq bo‘lgani uchun unga So‘z bitadilar. Qog‘oz pok bo‘lgani uchun unga zarracha cho‘g‘ tushsa, yonib ketadi. Qalbi qog‘ozdek oppoq, qog‘ozdek lovullab yonadigan odamdangina chinakam adib chiqadi». «Badiiy asar shunday daraxtki, uning shoxida umumbashariy mevalar yetiladi, ildizi esa milliy zaminda yotadi…»
Bu bir asar bilan O‘zbek onasiga haykal qo‘ygan O‘tkir Hoshimovning haqiqatlari. Ustoz hayot bo‘lganlarida bugun tabarruk 85 yoshga to‘lgan va nuroniy chehrasidan nur yog‘ilib, oila a’zolari, shogirdlar davrasida qo‘r to‘kib o‘tirgan bo‘lardi. To‘g‘ri, bu bir xayol. Ammo ustoz bugun oramizda yo‘q bo‘lsalarda asarlari bilan har bir o‘zbek oilasida, har bir kitobxonning qalbida, ardog‘ida yashayapti. Bu ham ijodkorning baxti. Adibning o‘zi aytganlaridek: «Kitobxon mehrini yalinib ham, zo‘ravonlik qilib ham, sotib olib bo‘lmaydi». O‘sha “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”da ta’kidlanganidek, “Ijod – yuz metrli masofani kim o‘zarga yugurib o‘tiladigan sprinterlik musobaqasi emas, uzoq va mashaqqatli yo‘ldir. Ikkita eng xolis hakam - Kitobxon va Vaqt sinovidan o‘tgan asar haqiqiy asardir”. Adibning yuzlab hikoyalari, “Cho‘l havosi” (1963), “Shamol esaveradi”,” Odamlar nima derkin” (1968), “Bahor qaytmaydi” (1970), “Qalbingga quloq sol” (1973), “Dunyoning ishlari” (1982), “Ikki karra ikki – besh” (1987) qissalari, “Nur borki, soya bor” (1977), “Ikki eshik orasi” (1985), “Tushda kechgan umrlar” (1993) kabi romanlari, “Xazon bo‘lgan bahor”, “Inson sadoqati”, “Vijdon dorisi”, “To‘ylar muborak”, “Qatag‘on” kabi drama, komediya, bir qator kinossenariylari, “Daftar hoshisidagi bitiklar” (2001) kitobi bugun ikki xolis hakam - Kitobxon va Vaqt sinovidan o‘tib, xalqimizning chinakam ma’naviy mulkiga aylandi.
Ona yurt, Vatan ishqida yotgan, millat ruhini yuksaltirish yo‘lida sidqilildan mehnat qilan insonlar hamisha e’zozlagan. O‘tkir Hoshimov adabiyotda qadr topgan ijodkorlardan. Ilk qissasi – “Cho‘l havosi”danoq tilga tushgan yozuvchi nufuzli idoralarda mehnat qildi. Umrini adabiyotga bag‘ishladi. 1991-yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni, “Hurmat belgisi” ordeni, 1996-yilda “Mehnat shuhrati”, 2001-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. 2021-yilda tavalludining 80 yilligi mamlakatimiz miqyosida keng nishondi.
O‘tkir Hoshimov asarlari bugun ham sevib o‘qilmoqda, qayta-qayta nashr etilmoqda. Asarlari 30 dan ortiq tillarga tarjima qilingan. “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”, “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi” kitoblari eng ko‘p adadda chop etilayotgan va eng ko‘p sotilayotgan asarlar sirasiga kiradi. Adibning shu kungacha nashr etilgan kitoblarining qayta nashrlarini ham hisobga olsak, yuzga yaqin bo‘lib, ularning umumiy adadi qariyb uch millionga yaqinlashdi. O‘tkir Hoshimov ana shunday “millioner yozuvchi”. Bu havas qilarlik voqelik. Agar uch million adad kitobni qator terib, har bir kitobning muqovasi orqasi – bel qismini 3 santimetr deb olib, uzunlik o‘lchovi birliklariga aylantirsak, 9.000.000 santimetrga, ya’ni 9 kilometrga teng bo‘ladi. Buni tik holatda tasavvur qilsak, qush parvozi balandligi darajasidan ancha yuqorilab, yuksalib ketadi.
Ustoz O‘tkir Hoshimov asarlari milliy ruh bilan to‘yingan bo‘lib, tagzaminida sokin bir jasorat, tili va ruhiyatida o‘zbekona ruh, miqyos bor. Zamon qancha tezlashmasin adib asarlari o‘z o‘quvchisini to‘xtatishga, sekinlatishga, o‘tmishning yuragiga quloq tutib o‘zlikni anglashga da’vat qila olishi bilan ham e’zozlidir.
Kitobxonlar qalbida adqabiy mehr-oqibat qasrini bunyod etib, abadiyatga yuz tutgan Ustozimning oxiratlari obod bo‘lsin!
Xoliyor Safarov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi