Huquq, mehr va nazorat uyg‘unligi
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil rivojlantirilmoqda. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ular uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish hamda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni saqlash muassasalarida qonuniylik va insonparvarlik tamoyillarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Ombudsman institutining faoliyati nafaqat jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, balki aholida huquqiy madaniyatni yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida Ombudsmanning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Husenova tomonidan Qorako‘l tumanida bir qator amaliy tadbirlar tashkil etildi. Ular inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va muassasalar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Dastlab “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Erkaklar “G‘amxo‘rlik” markazida huquqiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda ijtimoiy xodimlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil aprelda qabul qilingan “Ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

Tadbir davomida mazkur farmon orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, reabilitatsiya va ijtimoiy integratsiya jarayonlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan vazifalar haqida batafsil so‘z yuritildi. Shuningdek, Ombudsmanning qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha vakolatlari, milliy preventiv mexanizm doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham ishtirokchilarga muhim ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng Ombudsmanning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili “G‘amxo‘rlik” markazida navbatdagi monitoringni amalga oshirdi. Monitoring davomida muassasada yashovchilar uchun yaratilgan yashash sharoitlari, tibbiy xizmat, ovqatlanish, sanitariya holati hamda ijtimoiy reabilitatsiya ishlari atroflicha o‘rganildi.

E’tiborga molik jihati shundaki, muassasada mustaqil hayot kechirish imkoniyatiga ega bo‘lgan fuqarolarni jamiyatga moslashtirish maqsadida kasbga yo‘naltirish loyihalari samarali yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, “Tikuvchilik” loyihasi amalga oshirilayotgan bo‘lsa, “Limonchilik” va “Bog‘dorchilik” yo‘nalishlarida ham amaliy ishlar tashkil etilgan. Bu loyihalar orqali muassasa yashovchilari mehnat jarayoniga jalb qilinib, ularning mehnat ko‘nikmalari shakllantirilmoqda, o‘z-o‘zini boshqarish qobiliyati rivojlantirilmoqda va kelajakda mustaqil hayot kechirish uchun zarur ijtimoiy tajriba orttirilmoqda.
Bunday yondashuv insonni faqat parvarishlash emas, balki uning shaxsiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mehnat orqali hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va jamiyatning faol a’zosiga aylantirishga xizmat qilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Monitoring tadbirlari Qorako‘l tumani ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati Jamoat tartibini saqlash guruhi tasarrufidagi Vaqtincha saqlash hibsxonasida ham davom ettirildi. Tashrif chog‘ida mahbuslar saqlanayotgan kameralar, tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari, tintuv va tergov xonalari, advokatlar bilan uchrashuv xonalari hamda muassasaning umumiy sanitariya holati ko‘zdan kechirildi.

Bunday monitoringlar inson huquqlari ta’minlanishini amalda nazorat qilish, qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash hamda har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, har bir tekshiruv inson qadrini ulug‘lash va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Qorako‘l tumanida o‘tkazilgan mazkur tadbirlar va monitoringlar Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil va manzilli amalga oshirilayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir. Davlat va jamoatchilik nazoratining uyg‘unligi, mehr-muruvvat hamda huquqiy himoyaning birlashuvi inson qadrini eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etayotgan mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lining yorqin ifodasidir. Bu kabi tashabbuslar nafaqat bir muassasa yoki bir hudud hayotini, balki butun jamiyatda insonparvarlik, adolat va mas’uliyat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri