Qadimgi Baqtriya niqoblari Yaponiya saroyiga qanday yetib borgan?
Surxondaryo vohasidagi qadimgi Xolchayon yodgorligidan topilgan noyob sopol niqoblar milod boshlarida hozirgi O‘zbekiston hududida sahna va tomosha san’ati rivojlanganini isbotlovchi moddiy dalildir.
O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida taniqli arxeolog Galina Pugachenkova boshchiligidagi ekspeditsiya tomonidan Surxondaryo viloyati hududidagi Xolchayon tepaligida keng qamrovli qazishma ishlari olib borildi. Ekin maydonlari sathidan salkam to‘rt metr chuqurlikda yotgan madaniy qatlamlar ostidan mahobatli saroy va unga tutash inshootlar qoldiqlari ochildi. Bu majmuadan topilgan ashyolar orasida antik davr sahna san’atiga mansub sopol niqoblar jahon ilmiy jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu topilmalar Surxondaryo vohasida nafaqat davlatchilik tizimi va mudofaa istehkomlari, balki yuksak ijrochilik hamda musiqa madaniyati ham chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi.
Xolchayon niqoblarining yaratilish uslubi va ulardagi keskin ifodalilik sharqshunos olimlarning diqqatini darhol o‘ziga tortdi. Akademik Nikolay Konrad qadimgi Sharq tomosha san’ati tarixiga bag‘ishlangan izlanishlarida ushbu noyob yodgorliklarni sinchkovlik bilan tahlil qildi. Olim Xolchayondan topilgan hajviy va fojiaviy niqoblar Baqtriya zaminida kamol topgan teatr an’analarining bevosita mahsuli ekanini, keyinchalik bu sahnaviy madaniyat Buyuk Ipak yo‘li karvonlari orqali sharq mamlakatlariga tarqalganini asoslab berdi. N.Konradning qayd etishicha, ushbu niqoblarda muhrlangan badiiy shakllar va imo-ishora usullari vaqt o‘tishi bilan qadimgi Xitoy hamda Yaponiya saroy tomoshalari tarkibiga qadar kirib borgan.
Qadimgi yozma solnomalar ham ushbu moddiy ashyolarning haqqoniyligini tasdiqlaydi. Milodiy uchinchi va to‘rtinchi asrlarda Turondan borgan iste’dodli san’atkorlar, sozandalar, raqqoslar va qiziqchilar qo‘shni mamlakatlar hukmdorlari saroylarida yuksak ehtirom bilan qabul qilingan. Xorijlik tadqiqotchilar, jumladan yaponiyalik sharqshunoslar Seki Sentaro va Kavatoke Sigetosining ilmiy kuzatishlariga ko‘ra, eramizning yettinchi va sakkizinchi asrlarida kunchiqar yurtda shakllangan “Gigaku” an’anaviy niqobli sahna san’ati bevosita qadimgi Baqtriya va Sug‘d tomosha maktablariga borib taqaladi. Saqlanib qolgan eng qadimgi yapon niqoblarida Baqtriya aholisiga xos qiyofa, keng manglay, baland burun va soqol-mo‘ylov shakllarining aynan takrorlanishi ikki mintaqa o‘rtasidagi madaniy aloqalar nihoyatda mustahkam bo‘lganini yaqqol namoyon etadi.
Xolchayon saroyi devorlarini bezab turgan mahobatli haykallar majmuasi ham teatr niqoblari bilan yaxlit badiiy tizimni tashkil etadi. Bu siymolar shunchaki muzlab qolgan tasvirlar emas, balki muayyan sahnaviy harakat va voqea ishtirokchilari tarzida gavdalantirilgan. Tadqiqotchi Galina Pugachenkova Xolchayon me’morchiligi va haykallarini o‘rganar ekan, bu yerdagi bo‘rtma bezaklarda mahalliy aholining hayotiy his-tuyg‘ulari, tantana ruhi va saroy marosimlari yuksak mahorat bilan tasvirlanganini alohida qayd etadi. Loy va ganch qorishmasidan yaratilgan yuzlardagi kinoyaviy tabassum, hayrat yoki qat’iyat ifodasi qadimgi haykaltarosh va niqobsoz ustalarning inson ruhiyatini naqadar nozik anglaganidan guvohlik beradi.
Musiqa madaniyati ham ushbu sahnaviy hayotning uzviy bo‘lagi bo‘lgan. Xolchayon va unga yondosh Ayritom yodgorligidan topilgan mashhur tosh bo‘rtma tasvirlar qadimgi cholg‘u asboblarining boy xilma-xilligini namoyon qiladi. Udsimon torli cholg‘ular, nog‘ora, nay va chang kabi sozlarni chalib turgan san’atkorlar tasviri o‘sha davrda ko‘p ovozli yaxlit sozandalar dastalari faoliyat yuritganini ko‘rsatadi. Xorijlik sharqshunos Roman Girshman o‘z izlanishlarida ta’kidlaganidek, Baqtriya madaniyati Sharq va antik olamning nafis uslublarini o‘zida mujassam etib, qo‘shni o‘lkalar uchun uzoq yillar davomida ilhom manbai va badiiy namuna bo‘lib xizmat qilgan.
Shahar aholisining madaniy ehtiyojlari faqat hukmdorlar qarorgohi bilangina cheklanmagan. Qazishmalar davomida oddiy turar joy mahallalaridan kichik hajmdagi sopol haykalchalar, musiqachilar timsoli va o‘yinchoq niqoblarning ko‘plab topilishi xalq tomoshalari keng ommaviy tus olganidan darak beradi. Maydonlarda o‘tkazilgan bayram sayillari, polvonlar kurashi, dorbozlik chiqishlari va masxarabozlar tomoshasi kundalik turmushning muntazam tarkibiy qismi bo‘lgan.
Xolchayondan topilgan ushbu noyob niqoblar va tasviriy yodgorliklar qadimgi O‘zbekiston hududi nafaqat qudratli davlatchilik va savdo chorrahasi, balki butun qit’a bo‘ylab teatr, musiqa hamda tasviriy san’at an’analarini tarqatgan yirik madaniy beshik bo‘lganini ko‘rsatadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA