«Pul kerakmi?»: Telegram kanalidagi yolg‘on e’lonlar orqali fuqarolar nomiga kredit olingan
Telegramdagi «Pul kerakmi?» kanali orqali fuqarolarga 250 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha pul berilishi haqida yolg‘on va’dalar bergan shaxs qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, 2003-yilda Qorao‘zak tumanida tug‘ilgan A ismli shaxs telegramda «Pul kerakmi?» nomli kanal ochib, unga 258 nafar foydalanuvchini jalb qilgan. Kanalda 18 yoshdan oshgan yigit-qizlarga ma’lum miqdorda pul tarqatilishi haqida yolg‘on e’lon joylashtirilgan.
Mazkur e’longa ishongan fuqarolardan biri firibgarlar bilan telegram orqali bog‘langan. Unga pul olish uchun Korona ilovasini o‘rnatish, shaxsiy ma’lumotlarini kiritish va SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodini aytish kerakligi tushuntirilgan. Shundan so‘ng fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari va SMS kodidan foydalanilib, uning nomiga kredit rasmiylashtirilgan.
Kredit mablag‘lari esa firibgarning bank kartasiga o‘tkazib olingan. Aldanganini anglagan fuqaro pullarini qaytarishga uringan. Biroq, bu safar ham firibgarning boshqa telegram akkauntiga duch kelgan. Unga nomiga rasmiylashtirilgan kreditni haq evaziga o‘chirib berish va’da qilingan. Natijada fuqaro yana 1 million 250 ming so‘mni firibgarning kartasiga o‘tkazib bergan.
Jinoiy harakatlarini davom ettirgan A ismli shaxs boshqa bir fuqaro — G ismli shaxsni ham Korona ilovasi orqali pul chiqarib berish va’dasi bilan aldagan. Natijada uning akasi nomiga 1 million so‘mlik kredit rasmiylashtirib, mablag‘ni uzinig shaxsiy bank kartasiga o‘tkazgan
U tergov jarayonida fuqarolarga Korona ilovasi orqali kredit rasmiylashtirish uchun telefon raqami, bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS kodlarini taqdim etishni aytganini, keyinchalik olingan mablag‘larni o‘z ehtiyojlariga sarflaganini tan olgan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA