Prokuraturada til va mas’uliyat borasida tadbir o‘tkazildi
Sirdaryo viloyati prokuraturasida 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan davlat tilining nufuzini yuksaltirish, ona tilimiz sofligini saqlash va nutq madaniyatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
«Prokuratura organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish» konsepsiyasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, rasmiy ish yuritishda adabiy til me’yorlariga rioya qilish hamda yosh avlodda ona tiliga hurmat tuyg‘usini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Hayitov, Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov hamda universitet rektorining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yorqinjon Hayitboyev ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzalarda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi milliy o‘zligimizni anglash va ma’naviy qadriyatlarimizni asrash yo‘lidagi muhim tarixiy voqea ekani ta’kidlandi. Shuningdek, davlat tilining nufuzi uning kundalik hayotda, ayniqsa, davlat idoralarida to‘g‘ri va samarali qo‘llanilishi, hujjatlarning savodli rasmiylashtirilishi hamda xodimlarning nutq madaniyatiga rioya etishi bilan chambarchas bog‘liqligi qayd etildi.

— Sirdaryo viloyati prokuraturasida o‘tkazilgan mazkur ma’rifiy tadbir davlat tiliga bo‘lgan hurmatni mustahkamlash, uning jamiyatdagi nufuzini yanada yuksaltirish va xodimlarning nutq madaniyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Zero, til millatning ma’naviy qiyofasi, milliy o‘zligi va tarixiy xotirasini namoyon etuvchi bebaho boylikdir. Ayniqsa, davlat idoralarida ona tilimiz me’yorlariga rioya qilish, rasmiy muloqot va ish yuritishda uning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish har bir xodimning kasbiy mas’uliyati hisoblanadi. Bunday uchrashuvlar tilga e’tiborni kuchaytirish barobarida, uni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga boy meros sifatida yetkazish mas’uliyatini ham oshiradi, — dedi Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov.

Uchrashuv davomida viloyat prokuraturasi bo‘lim va tarmoq rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 14-oktabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi O‘RQ-1181-son Konstitutsiyaviy Qonuni hamda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1180-son Qonunining mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar davlat tilining nufuzini mustahkamlash, ona tilimiz sofligini asrash va uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri