Professor-o‘qituvchilar sportda bellashdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Chorshanba — sport kuni” doirasida bir qator sport tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirlar avvalida sportni keng targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda yoshlarni sportga keng jalb etish maqsadida O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.


Mazkur memorandum kelgusida universitetda sport infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, talaba-yoshlar va xodimlar o‘rtasida stol tennisi sport turini yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng universitet professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari o‘rtasida sportning stol tennisi turi bo‘yicha "Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri kubogi" musobaqasi o‘tkazildi. Musobaqa davomida ishtirokchilar yuqori sport mahorati, chaqqonlik va jamoaviy birdamlik namunasini namoyon etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA