Namanganda karting bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida yoshlar o‘rtasida karting poygasi bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan tasdiqlangan 2026-yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasiga muvofiq tashkil etilgan musobaqa Uchqo‘rg‘on tumani O‘quv sport texnika markaziga qarashli kartadromda o‘tkazildi.
Ikki kun davom etgan bellashuvlarda Tojikiston va Qirg‘iziston respublikalari, shuningdek Xorazm, Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelgan 9 ta jamoa tarkibida jami 85 nafar sportchi ishtirok etdi.
Musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda kechdi. Ayniqsa, ishtirokchilar orasida qizlar ham borligi tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi. Bellashuvlar musobaqa nizomiga muvofiq “Mikro”, “Mini”, “Super mini”, “OK-junior”, “Patriot”, “KF”, “KZ” va “T-4” sinflari bo‘yicha tashkil etildi.
[gallery-29525]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida jamoaviy hisobda 1-o‘rinni Toshkent shahri jamoasi, 2-o‘rinni Namangan viloyati, 3-o‘rinni esa Toshkent viloyati jamoasi egalladi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi bosh direktori A. Qurboniyozov, Namangan viloyati kengashi raisi A. A’loxo‘jayev, hamkor tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom, kubok hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA