Professional boks: Toshkent janglari xalqaro maydonda keng namoyish etildi
Poytaxtimizdagi "Humo arena" sport saroyida tashkil etilgan professional boks oqshomi mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalarining iste’dodi, texnik-taktik imkoniyatlari qay darajada ekanligini yana bir karra keng jamoatchilikka ko‘rsatdi.
Jahon boks ixlosmandlarining nigohini Toshkentga qaratgan ushbu boks kechasining markaziy jangida ikkinchi eng yengil vazn toifasida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev Venesuela vakili Egli Moskeda bilan kuch sinashdi.

10 raundga mo‘ljallangan jangda Ahmadaliyev raqibini 4-raundda texnik nokaut orqali muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratishi ortidan professional boksdagi g‘alabalar sonini 15 taga yetkazdi. Musobaqaning ikkinchi asosiy jangida yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, hamyurtimiz Lazizbek Mullajonov venesuelalik Luis Xose Marin Garsiya bilan og‘ir vazn toifasida “WBC Eurasia” kamari uchun jang o‘tkazdi.

Qiziqarli kechgan bahsning 3-raundida hakam asli dominikanlik, hozirda Venesuela bayrog‘i ostida turnirlarda qatnashayotgan Luis Garsiya hisobida ogohlantirishlar ko‘paygani tufayli bellashuvni to‘xtatdi va bu, Lazizbekning g‘olibligini ta’minladi. Mazkur boks oqshomida Jahon ringlarida o‘z uslubi bilan ko‘pning e’tiborini qozongan hamyurtimiz, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Abdumalik Xalakov 6 raundga mo‘ljallangan jangda hindistonlik Vishal Kumarni texnik nokaut holatda mag‘lub etgan bo‘lsa, 23 yoshli Shohjahon Abdullayev ganalik Stefan Akonni 4-raundda nokautga uchratdi.

Eng o‘rta vazn toifasida “WBC Eurasia” kamari uchun o‘tgan yurtdoshimiz Nurislom Ismoilov va tanzaniyalik Lupakisyo Shoti jangida O‘zbek charm qo‘lqop ustasi g‘alabani tantana qildi. Ismoilov raqibini 3-raundda texnik nokautga uchratdi. Bu, Nurislomning professional boksdagi to‘qqizinchi jangidagi to‘qqizinchi g‘alabasi sifatida yodda qoladigan bo‘ldi. 26 yoshli Shoti esa faoliyatidagi o‘n birinchi jangida ikkinchi mag‘lubiyatni hamyurtimizdan qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi, Butunjahon boks uyushmasi hamda bir qator sport tashkilotlarining mutasaddilari, mutaxassislari, taniqli sportchilar qatnashgan boks kechasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etganlar e’tirof etildi. Ularga tegishli chempionlik va g‘oliblik kamarlari, sertifikatlar taqdim etildi. O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkentda o‘tgan professional boks kechasi tafsilotlari turli axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi boks muxlislariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA