Dunyo polvonlari Namanganda bellashmoqda
Namangan shahri tarkibidagi Yangi Namangan tumanida joylashgan “Pahlavon” sport majmuasida erkin va yunon-rum kurashi turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasida “O’zbek botirlari” uchinchi xalqaro gran-pri sport musobaqasi o‘tkazilmoqda.
65-xalqaro gullar festivali doirasida Namangan viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi, Sport vazirligi, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi, “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati hamkorligida uyushtirilgan nufuzli turnirda yurtimizning barcha hududlari, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Moldova, Xitoy, Iordaniya, Saudiya Arabistoni kabi o‘ndan ortiq mamlakatlardan kelgan 360 dan ziyod yakkakurash ustalari 60 kilogrammdan +130 kilogrammgacha bo‘lgan 12 ta vazn toifasida bahslarga kirishdi.

Ularning mahoratini baholash uchun mahalliy va xorijiy tajribali hakamlardan iborat 40 nafar mutaxassis taklif qilingan. Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ta’kidlaganidek, an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa nafaqat sport, balki xalqaro do‘stlik va hamkorlik maydoni sifatida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Sportning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi ahamiyati beqiyosligining yorqin ifodasi o‘laroq Namanganda boks, og‘ir atletika, o‘q otish, kurash kabi sport turlarida xalqaro natijalarga erishilayotgani e’tirof etildi. Namangan zaminida azaldan polvonlar, jasur yigitlar, irodali qizlar voyaga yetgan. Bugun arenalardagi har bir g‘alaba – bu yurtimiz yoshlariga yaratilayotgan imkoniyatlar, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga qaratayotgan yuksak e’tibor samarasidir.

Viloyatda barcha sport turlari qatori uning erkin va yunon-rum kurashi turlariga ham alohiyada ahamiyat berilayotgani natijasida iqtidorli, chempion sportchilar yetishib chiqmoqda. Xususan, Shermuxammad va Oybek Sharifjonovlar, Og‘abek Asqaraliyev singari pahlavonlar Yangi O‘zbekiston dovrug‘ini dunyoga taratmoqda. Ayni kunlarda esa, Vetnamning Da-Nang shahrida o‘smirlar (“U-17”) o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida Muhammad Rahimjonov, Bekzod Ibrohimov o‘z vazn toifasida mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda. Mazkur gran-pri turniri sportchilarimiz uchun 2028-yilda AQSHning Los-Anjeles shahrida bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tash hamda MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlarining mohir kurashchilari bilan tajriba o‘rganishga xizmat qiladi. Muhtasham sport koshonasiga faxriy mehmonlar qatorida Osiyo va jahon chempionlari, Osiyo hamda yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari Fazliddin G‘oyibnazarov, Ixtiyor Navro‘zov, Rustam Assakalov, Umidjon Ismonov kabi mamlakatimizning nomdor sportchilari qarsaklar bilan olqishlandi. Ayniqsa, musobaqa oldidan "Rio-2016" yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, O‘zbekiston iftixori Fazliddin G‘oyibnazarov va taniqli so‘z ustasi Elmurod Haqnazarov ishtirokida sport qoidalari asosidagi shou-jang tashkil etilgani tomoshabinlarga zavqu shavq ulashdi.
– Yoshim o‘n to‘qqizda, gran-pri turkumidagi nufuzli turnirlarda ishtirok etish biz kabi yosh iste’dod egalarini kashf etishda muhim ahamiyatga ega, – deydi xalqaro musobaqa ishtirokchisi, Osiyo chempionati sovrindori, andijonlik Jonpo‘lat To‘lqinboyev. – Ilk bahsda tojikistonlik raqibim Siyovush Asilovni 7:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratganimdan xursandman. Oldinda esa, nomdor raqib – “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Islomjon Bahromovga qarshi murosasiz jang kutib turibdi. O‘ylaymanki, gullar shahridagi nufuzli musobaqadan medal bilan qaytaman. Uch kun davom etadigan xalqaro turnirda g‘olib va sovrinli o‘rinlar sohiblari pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA